Ichan qal’a – dunyo sayyohlarining sevimli maskani
Madaniy meros haftaligi doirasida "O‘zbekiston madaniy merosi" turkum to‘plamlarining "Ichan qal’a" davlat muzey-qo‘riqxonasiga bag‘ishlangan navbatdagi kitob-albom taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Ichan qal’a – Markaziy Osiyodagi yirik va noyob me’moriy yodgorlik. Xivaning ichki qal’a (Shahriston) qismi. Ichan qal’a shaharning Dishan qal’a (tashqi qal’a) qismidan kungurador devor bilan ajratilgan. U Xiva raboti (Dishan qal’a)dan baland qo‘rg‘ontepaga o‘xshab ko‘rinadi. Ichan qal’aga 4 darvoza (Bog‘cha darvoza, Polvon darvoza, Tosh darvoza, Ota darvoza)dan kirilgan.
Xorazm xalq me’morchiligining nodir namunasi bo‘lgan Ichan qal’a majmuasi jahon sayyohlarining e’tibori va mehriga sazovor bo‘lgan maskan sanaladi.
Ichan qal’a qurilishida Xiva me’morlari O‘rta Osiyoda qadimdan qo‘llanib kelgan uslub – inshootlarni ro‘parama-ro‘para qurish uslubi («qo‘sh»)dan foydalanishgan. Mac, Olloqulixon madrasasi bilan Qutlug‘ Murod Inoq madrasasi, Sherg‘ozixon madrasasi bilan Pahlavon Mahmud maqbarasi shu uslubda qurilgan. Ichan qal’a me’morligining yana bir o‘ziga xos xususiyati binolarning alohida ansambl holida qurilganligi.
Ichan qal’a me’moriy yodgorliklari yog‘och o‘ymakorligi, sangtaroshlik, ganchkorlik, sirkor sopol va boshqa rang-barang naqqoshlik bezaklari bilan bezatilgan. Ichan qal’a ansambli me’moriy yodgorlik sifatida muhofazaga olinib, muzeyga aylantirilgan (1961). 1990 y. dan Ichan qal’a Butunjahon yodgorliklari ro‘yxatiga kiritilgan. Madaniy meros agentligi tomonidan mazkur ob’ektni obodonlashtirish, ta’mirlashga, xalqimiz uchun turli ma’rifiy sayohat tadbirlari tashkil etishga asosiy e’tibor qaratilmoqda.
Yuksak noshirlik talablari asosida tayyorlangan yangi kitob-albomdan "Ichan qal’a" davlat muzey-qo‘riqxonasi haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lish mumkin.
N.Usmonova, O‘zA