“Ibrat farzandlari” olimpiadasi
Bugungi kunda yosh avlodni zamonaviy bilimlar bilan qurollantirish, ayniqsa, xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirishga bo‘lgan qiziqishini oshirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Ana shu ezgu maqsadlar yo‘lida yurtimizning turli hududlarida tashkil etilayotgan fan olimpiadalari, tanlov va loyihalar yoshlarning intellektual salohiyatini namoyon etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida bo‘lib o‘tgan “Ibrat farzandlari” Respublika ochiq ingliz tili fan olimpiadasi ham ana shunday nufuzli tadbirlardan biri sifatida yoshlarni bir maydonga jamladi. Unda viloyatning turli umumta’lim maktablaridan 200 ga yaqin iqtidorli o‘quvchilar ishtirok etib, o‘z bilim va ko‘nikmalarini namoyon etdi.

–Olimpiada davomida ishtirokchilar ingliz tili bo‘yicha turli bosqichlarda sinovdan o‘tdi, –deydi G‘ijduvon tumani maktabgacha va maktab talimi bo‘limi boshlig‘i Hidoyat Jumayeva. –Ayniqsa, ularning erkin fikrlash, mulohaza yuritish va o‘z fikrini ravon ifoda etish qobiliyatlari yanada charxlandi.

Mazkur olimpiada yoshlar uchun oddiy musobaqa emas, balki ularning orzu-intilishlari, mehnati va kelajakka bo‘lgan ishonchi namoyon bo‘lgan ma’naviy maydonga aylandi. Ishtirokchilar nafaqat g‘oliblik uchun kurashdilar, balki yangi do‘stlar orttirish, tajriba almashish va o‘z ustida ishlash imkoniyatiga ega bo‘ldi.


Tadbir yakunida eng yuqori natijalarni qayd etgan g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlanib, esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi. Bu e’tirof esa yoshlarni yanada katta marralar sari ilhomlantiradi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri