Husayn Norchayev gol urishda davom etmoqda
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasida 16-tur bahslari qizg‘in davom etmoqda. Tur doirasida o‘tkazilgan navbatdagi uchrashuvlarda «Xorazm», «Navbahor» va «Lokomotiv» jamoalari muhim uch ochkoni qo‘lga kiritdi.
Urganch shahrida «Xorazm» klubi «Mash’al» jamoasini qabul qildi. Mezbonlar uchrashuv davomida tashabbusni qo‘ldan chiqrmay, yakunda 2:0 hisobida g‘alaba qozonishdi. Uchrashuvdagi gollarga Diyorbek Ortiqboyev (33-daqiqa, penalti) va Ulug‘bek Hoshimov (62-daqiqa) mualliflik qilishdi.
Namangan shahrida kechgan «Surxon» — «Navbahor» bahsida taqdirni yagona gol hal qildi. O‘yinning 5-daqiqasida Husayn Norchayev penaltini aniq amalga oshirib, «Navbahor»ga g‘alaba keltirdi (0:1). Toshkentda o‘tgan «Lokomotiv» va «Dinamo» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv esa mezbonlarning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Shu tariqa, «temiryo‘lchilar» o‘z maydonida muhim uch ochkoni qo‘lga kiritishdi.
16-tur doirasidagi o‘yinlar 8-avgust kuni ham davom etadi. Kun dasturidan «Neftchi» — «Qizilqum», «Bunyodkor» — OKMK hamda «Nasaf» — «Qo‘qon-1912» bahslari o‘rin olgan.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA