“Humo” mavsumning ilk o‘yinini o‘tkazdi
Toshkentning “Humo” xokkey klubi shu kunlarda o‘tkazilayotgan Qozog‘iston kubogi bahslarida ishtirok etmoqda.
Kecha, 24 avgust kuni hamyurtlarimiz musobaqa tavqimiga binoan ilk o‘yinni "Sariarka" (Karaganda) jamoasiga qarshi o‘tkazdi.
Ushbu uchrashuvning to‘liq vaqtida 2:2 hisobi qayd etildi. Qo‘shimcha bo‘limdagi murosasiz o‘yin davomida durang natija o‘zgarishsiz qoldi. Penaltilar seriyasida esa qozog‘istonliklarning qo‘li baland keldi.
Aytish lozim, Qozog‘iston kubogida jamoalar uchta guruhga bo‘lingan holda bahslarda qatnashmoqda. "Humo" "A" guruhida "Sariarka", "Aktobe" va "Kulager" jamoalari bilan yetakchilik uchun kurash olib boradi.
Endi vakillarimiz ertaga, 26 avgust kuni Aktobening “Aktobe”si bilan, 28 avgust kuni esa Petropavlovskning “Kulager” jamoasi bilan kuch sinashadi.
Kubok musobaqalari 1 sentyabrga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA