«Humo» final bosqichiga yo‘l oldi
Poytaxtimizdagi «Humo Arena» sport majmuasida xokkey bo‘yicha o‘tkazilgan Yevroosiyo do‘stlik kubogining saralash bosqichi uchinchi turida ham mamlakatimiz sharafini himoya qilgan «Humo» jamoasi g‘alaba qozondi.
Musobaqaning so‘nggi turida «Humo» 5:3 hisobida «Arlan» klubini yenggan bo‘lsa, «Brest» kutilmaganda «AKM»ga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Shu tariqa, «Humo» o‘yindagi g‘alaba evaziga ochkolarini 6 taga yetkazib, guruh peshqadamiga aylandi. «AKM» 4 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. «Brest» 2 ochko jamg‘arib uchinchi, «Arlan» esa uch mag‘lubiyat evaziga so‘nggi pog‘onada qoldi.

Endi «Humo» va «AKM» jamoalari 2025 yilning 4-5 yanvar kunlari Yevroosiyo do‘stlik kubogining final bosqichida ishtirok etadi. Ushbu bosqichda ularga «Neftyanik» (Rossiya) va «Metallurg-Jlobin» (Belarus) klublari qarshilik ko‘rsatadi. Mazkur o‘yinlar qaysi mamlakatda o‘tishi keyinroq aniqlanadi.
Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, Yevroosiyo do‘stlik kubogi doirasida O‘zbekiston va Belarus xokkey federatsiyalari tomonidan 5 yil muddatlik hamkorlik memorandumi imzolandi.

Mazkur memorandum xokkey federatsiyalarining hamkorligi xokkeychilarni tayyorlash usullarini almashish, turli darajadagi murabbiylar uchun seminarlar va konferensiyalar o‘tkazish, hakamlik sohasida o‘zaro hamkorlik qilish, qo‘shma musobaqalar va o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazishni o‘z ichiga oladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA