Hudud rivoji – jurnalistlar nigohida
O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limi hamda Toyloq tumani hokimligi hamkorligida jurnalist va blogerlar uchun mazkur tumanga press-tur uyushtirildi.
Dastlab tumanda aholi, ayniqsa, yoshlarning ta’lim olishi, ma’naviy kamoloti va mazmunli hordiq chiqarishi uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi. Shu maqsadda tashkil etilgan ta’lim muassasalari, ma’rifat maskanlari va bog‘lar faoliyati bilan tanishildi.
Jumladan, “Kamolot ta’lim” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan o‘tgan yil tumanda ilk bor “Behbudiy vorislari” nomli xususiy maktab faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 220 o‘rinli maktab sinfxonalari zamon talablari asosida jihozlangan, innovatsion ta’lim texnologiyalari va malakali pedagoglar bilan ta’minlangan. E’tiborlisi, 2026-2027 o‘quv yilida Bog‘izog‘on mahallasida ushbu ta’lim dargohining 100 o‘rinli filiali ishga tushiriladi.
Press-tur qatnashchilari xususiy maktabda ayni chog‘da yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonlariga guvoh bo‘ldi.
Shundan so‘ng Turkiston jadidchilik harakati asoschisi, buyuk ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiy tug‘ilgan Baxshitepa mahallasida tashkil etilgan kutubxona, alloma uy-muzeyi va bog‘ ko‘zdan kechirildi. 2025-yil dekabr oyida foydalanishga topshirilgan bu majmua ayni paytda chinakam ma’rifat maskaniga aylangan. Bu yerda Mahmudxo‘ja Behbudiyning byusti o‘rnatilgan. Tadbirkor Abdulla Xodiyev tomonidan “Behbudiy kutubxonasi” tashkil etilib, 15 va 17-umumta’lim maktablari o‘quvchilari uchun Behbudiy stipendiyasi ta’sis qilindi. Shuningdek, “Mahmudxo‘ja Behbudiy ilm nuri maskani” nomli o‘quv markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Jurnalist va blogerlar yoshlarning zamonaviy kasblarni egallashiga ko‘maklashish maqsadida Bog‘ichinor mahallasida yaqinda ish boshlagan “Innovative Center” o‘quv markazida ham bo‘ldi. Markaz zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan bo‘lib, turli yo‘nalishlar bo‘yicha xalqaro darajadagi sertifikatlarni qo‘lga kiritish imkoniyatini beradi. Toyloqlik yoshlar til o‘rganish va xalqaro sertifikat olish uchun boshqa hududlarga qatnab yurmaydi, ushbu o‘quv markazda Samarqand shahridagi nufuzli o‘quv markazlarining mahoratli o‘qituvchilari kelib, shu yerda dars beradi.
Bu yil mamlakatimizda buyuk sarkarda va sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi keng nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan mart oyida tumanning O‘rtaqishloq mahallasida “Amir Temur bog‘i” barpo etildi va bog‘ markazidagi Amir Temur haykali qayta ta’mirlandi. Press-tur qatnashchilari mazkur bog‘da ham bo‘lib, ushbu maskan yoshlarni milliy qadriyatlar va tarixiy merosga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qilishini qayd etdi.
Shundan so‘ng tumanning Qo‘shchinor mahallasi misolida tumandagi mahallalarni ixtisoslashtirish, kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash, odamlar uchun munosib turmush sharoiti yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
– Toyloq tumanini ko‘pchilik asosan meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan hudud deb biladi, – dedi Toyloq tumani hokimi Behzod Rahmatullayev. – To‘g‘ri, bu borada imkoniyatlarimiz juda yuqori. Aholi har bir qarich yerdan samarali foydalanish va shu orqali daromad topishga harakat qiladi. Lekin bugun yerga har kim o‘z bilganicha, pala-partish ekin ekishi yaramaydi. Shuning uchun “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida mahallarni ixtisoslashtirishga e’tibor qaratyapmiz. Tumandagi 50 ta mahallaning har biri mavjud imkoniyati, aholining turmush tarzidan kelib chiqib, dehqonchilik, chorvachilik hamda xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan. Xususan, 17 mahalla chuqur ixtisoslashgan, 25 mahalla o‘rta va 8 mahalla past ixtisoslashgan. Yil yakuniga qadar 10 ta mahallani chuqur ixtisoslashuvga o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Tomorqa imkoniyatidan foydalanib, aholi daromadlarini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish maqsadida “Samarqand qulupnay Impex” fermer xo‘jaligidan invitro usulida yetishtirilgan 21 ming tup bodom ko‘chati keltirib, aholiga tarqatdik. Avgust oyiga qadar yana 79 ming dona ko‘chat keltirilib, mahallalarda manzilli ekilishi bo‘yicha aniq rejalarimiz mavjud. Bu bodom ko‘chatlari ikkinchi yildan hosilga kiradi.
Aholi xonadonlarida chorva mollari sonini ko‘paytirish maqsadida yil boshidan buyon Germaniya, Rossiya, Qirg‘iziston va Qozog‘istondan 900 boshga yaqin zotdor qoramol olib kelindi. Aholi talabidan kelib chiqib, Qirg‘izistondan 250 bosh “Arashan” zotli qo‘y keltirib berildi. Yil yakuniga qadar tumanimizga yana 4000 bosh naslli chorva mollari olib kelinishi rejalashtirilgan. Xuddi shunday loyihalar parrandachilik sohasida ham amalga oshirilmoqda. Xonadonlarda ixcham sanoat usulida tovuq parvarishlashni yo‘lga qo‘yish maqsadida bu borada viloyatimizda yetakchi bo‘lgan “Navobod naslli parranda” fermer xo‘jaligi bilan hamkorlik qilyapmiz. Tajriba-sinov tarzida Sariosiyo mahallasidagi 8 xonadonning har birida 3 ming bosh parranda boqishga mo‘ljallangan yengil konstruksiyali mini tovuqxonalar qurib berildi. Xonadonlar egalariga kasalliklarga qarshi emlangan naslli jo‘ja, ozuqa mahsulotlari keltirib berilib, kooperatsiya asosida ishlash yo‘lga qo‘yildi. Ushbu tovuqxonalar egalari o‘rgatilgan agrotexnologiyalarga amal qilib ishlasa, yiliga 85 million so‘mgacha sof foyda olishi mumkin.
[gallery-30079]
Tuman hokimi, shuningdek, joriy yilda tumanni ishsizlikdan xoli hududga aylantirish, kambag‘allikni qisqartirish, sanoat, xizmatlar sohasini rivojlantirish, sarmoyalar jalb qilish va eksport salmog‘ini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora -tadbirlar haqida ham ma’lumot berdi. Qayd etilishicha, bu yil 25 ming 400 nafarga yaqin toyloqliklarning daromadlari oshiriladi, 4564 nafar aholi doimiy ish o‘rinlari bilan ta’minlanadi, 2607 ta yashirin ish o‘rinlari soyadan chiqariladi. Yil boshida reyestrga kiritilgan 1948 ta kambag‘al oila bilan manzilli ishlash natijasida shu paytgacha ularning 1312 tasi reyestridan chiqarildi.
Press-tur ishtirokchilariga tumanni kelgusi besh yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar haqida ham ma’lumot berildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari