Hovlidagi "sirli" ekin fosh etildi
Milliy qonunchiligimizda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni, shuningdek, tarkibida giyohvandlik vositalari mavjud o‘simliklarni noqonuniy ravishda ekish, yetishtirish, saqlash, tashish, tayyorlash yoki sotish bilan bog‘liq har qanday xatti-harakatlar uchun javobgarlik muqarrar ekanligi qat’iy belgilab qo‘yilgan.
Biroq, jamiyat sog‘lom turmush tarziga intilayotgan va yoshlar kelajagi uchun xavfsiz muhit yaratilayotgan bir paytda, ayrim shaxslar tomonidan yengil va noqonuniy daromad topish ilinjida sodir etilayotgan jinoyatlar uchrab turibdi.
Bojxona qo‘mitasining Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan hamkorlikda Urganch shahrida tezkor tadbir o‘tkazildi. Natijada, o‘z hovlisida giyohvandlik o‘simligi yetishtirgan shaxs fosh etildi.

Ma’lum bo‘lishicha, 1994-yilda tug‘ilgan, Urganch shahrida yashovchi fuqaro o‘z yashash xonadonining bog‘ qismida 11 tup "kannabis" giyohvandlik o‘simligini noqonuniy ravishda parvarishlab, yetishtirib kelganligi aniqlandi.

Xolislar ishtirokida o‘tkazilgan ko‘zdan kechirish davomida ushbu o‘simliklar ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olindi va tegishli ekspertiza tayinlandi.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri