"Horseka Cup": Xurshidbek Alimjanov kumush medal sohibi bo‘ldi
"Horseka Cup" musobaqasida Xurshidbek Alimjanov to‘siqlardan sakrash (konkur) bahslarida muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Rossiya Federatsiyasining Moskva viloyatida joylashgan zamonaviy “Horseka Sport” ot sporti majmuasida to‘siqlardan sakrash (konkur) yo‘nalishi bo‘yicha “Horseka Cup” xalqaro musobaqalari bo‘lib o‘tdi. Eng kuchli chavandozlar ishtirok etgan mazkur nufuzli musobaqa yuqori raqobat va murosasiz bahslarga boy kechdi.
Quvonarlisi, musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Xurshidbek Alimjanov ham munosib ishtirok etdi. Hamyurtimiz «Chaloina» laqabli oti bilan to‘siqlar balandligi 125 santimetr bo‘lgan yo‘nalishda barqaror va ishonchli chiqish qilib, yakunda ikkinchi o‘rinni egalladi hamda musobaqaning kumush medaliga sazovor bo‘ldi.
Mazkur natija o‘zbekistonlik chavandozlarning xalqaro musobaqalarda raqobatbardoshligini yana bir bor namoyon etdi. Ayni paytda mamlakatimizda ot sportini rivojlantirish, xalqaro tajriba to‘plash va sportchilarning mahoratini oshirish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar o‘z samarasini berayotganini ushbu yutuq ham tasdiqlaydi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA