"So‘g‘diyona" ning G‘uzordagi g‘alabasi
G‘uzor shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Superligasi birinchi davrasining 15-turidan o‘rin olgan bahsda Jizzaxning “So‘g‘diyona” jamoasi mehmonda Muborakning “Mash’al” klubini 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuv qahramoniga aylangan Lyupcho Doriyev uchta golga mualliflik qildi.
Qashqadaryo viloyatining G‘uzor shahrida o‘tkazilgan bahs har ikki jamoa uchun ham muhim ahamiyat kasb etar edi. Ketma-ket ikki mag‘lubiyatdan keyin maydonga tushgan “So‘g‘diyona” ilk daqiqalardanoq tashabbusni o‘z qo‘liga oldi va 5-daqiqada Lyupcho Doriyev hisobni ochdi.

Jizzaxliklar birinchi bo‘limda o‘yin tizginini qo‘ldan chiqarmadi. Tanaffusdan keyin esa mehmonlar bosimni yanada kuchaytirdi. Avval 47-daqiqada Zabihillo O‘rinboyevga nisbatan qoida buzilganidan keyin belgilangan penaltini Lyupcho Doriyev aniq amalga oshirib, mavsumdagi 10-golini urdi. Oradan ko‘p o‘tmay, 60-daqiqada ham u tezkor hujumni samarali yakunlab, xet-trikni rasmiylashtirdi.

Mezbonlar hisobni qisqartirishga urindi. 69-daqiqada muborakliklarning kiritilgan goli VAR aralashuvidan keyin bekor qilindi. Biroq qo‘shimcha vaqtning uchinchi daqiqasida Azizbek Choriyev uzoq masofadan yo‘llagan chiroyli zarbasi bilan “Mash’al”ning yagona golini urishga muvoffaq bo‘ldi. Maydon egalarining boshqa gol kiritishiga vaqti ham, imkoniyati ham bo‘lmadi. “Mash’al” – “So‘g‘diyona” o‘yinidagi yakuniy hisob – 1:3, mehmonlarning foydasiga hal bo‘ldi.

Bahsdan keyingi matbuot anjumanida “So‘g‘diyona” bosh murabbiysi Ulug‘bek Baqoyev jamoasi o‘yinni reja asosida o‘tkazganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, erta urilgan gol futbolchilarga ishonch bag‘ishlagan, birinchi bo‘limda o‘yin to‘liq nazorat qilingan, ikkinchi bo‘limda esa yaratilgan imkoniyatlar samarali yakunlangan.
Murabbiy “Mash’al”ning o‘yini oldindan chuqur tahlil qilinganini, ayniqsa raqibning qarshi hujumlarda va qanotlarda tez harakat qilish xususiyati hisobga olinganini qayd etdi. Shuningdek, ketma-ket ikki mag‘lubiyatdan keyin qo‘lga kiritilgan ushbu g‘alaba futbolchilarning ruhiy holati hamda jamoaning turnir jadvalidagi o‘rni uchun muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Ulug‘bek Baqoyev uchrashuv davomida “Mash’al”ning goli oldidan to‘p raqib futbolchisining qo‘liga tekkan degan qarashda bo‘lgani uchun yon hakamga e’tiroz bildirganini izohladi. Uning fikricha, mazkur vaziyatda o‘yin to‘xtatilishi lozim edi.
Yosh futbolchilarga imkoniyat berish masalasiga to‘xtalgan mutaxassis har bir futbolchi, avvalo, o‘z salohiyatini isbotlashi zarurligini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, o‘yin taqdiriga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan har bir vaziyat katta mas’uliyat talab qiladi va shu bois futbolchilarga imkoniyat bosqichma-bosqich beriladi.

Matbuot anjumanida Lyupcho Doriyev haqida ham alohida fikr bildirildi. Bosh murabbiy yaqinda legioner hujumchining shartnomasi uzaytirilganini ma’lum qildi hamda uning mahorati, mehnatsevarligi va maydondagi fidoyiligi jamoadagi yosh futbolchilar uchun ibrat bo‘layotganini ta’kidladi. Uning fikricha, Doriyev nafaqat gollari, balki yetakchilik fazilatlari bilan ham “So‘g‘diyona”ning muvaffaqiyatiga munosib hissa qo‘shmoqda.
Bugun Superligada birinchi davraning so‘nggi – 15 -tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri