Hatto, o‘lish ham taqiqlangan shahar (+video)
Dunyo xaritasida shunday shaharlar borki, u yerlardagi hayot oddiy inson uchun deyarli imkonsizdek tuyuladi. Ayrim hududlarda odamlar muzlab qoladigan sovuqda yashasa, boshqalari jazirama issiq sabab yer ostida umr kechiradi. Yana shunday maskanlar ham borki, u yerda nafas olishning o‘zi qiyin, hatto o‘lim ham rasman taqiqlangan. Shunga qaramay, minglab insonlar ana shu g‘ayrioddiy joylarda yashashda davom etmoqda. Bugun siz bilan yer yuzidagi eng g‘alati va hayratlanarli 7 shaharga sayohat qilamiz.
Sayohatni Peruning La-Rinkonada shahridan boshlaymiz. Aholi doimiy yashaydigan dunyodagi eng baland nuqta hisoblangan bu kent And tog‘i tepasida, dengiz sathidan taxminan 5100 metr balandda qad ko‘targan. Havo juda siyrak bo‘lgani uchun bu joyda nafas olish qiyin. Hayot sharoiti juda og‘ir mazkur shaharga ko‘pchilik oltin qazib olib, boyib ketish umidi bilan keladi. Ushbu manzilda na toza ichimlik suvi na oqova bor. Tillani qayta ishlashda ishlatiladigan simob esa tabiatni muntazam zaharlab turadi. Qisqasi, La-Rinkonadada yashash har kuni tirik qolish uchun kurash, demak. Keling, sizlar bilan birga Avstraliyaga, aniqrog‘i Kuber-Pedi shahriga yo‘l olamiz. Qit’a-davlatning bu g‘aroyib shahri aholisi yer ostida yashaydi. Sababi – tashqi harorat ba’zan 50 darajagacha ko‘tariladi. Tabiiyki, bunday sharoitda yer ustida yashash, deyarli, imkonsiz. Shuning uchun odamlar uy, mehmonxona, do‘kon va hatto ibodatxonani ham zamin qa’riga qurgan. Qizig‘i, Kuber-Pedi dunyodagi eng yirik opal tosh qazib olinadigan joy ham hisoblanadi. Tashqaridan qarasangiz sahro, yer ostida esa butun boshli shahar hayot kechiradi.
Keyingi manzil – Misr, Manshiyot-Nosir. Qohira yaqinida joylashgan, dunyo bo‘ylab “Axlat shahri” nomi bilan mashhur bu kentda ko‘chalar, uylar va hatto bino tomlari ham tashlandiq bilan qoplangan. Aholi – zabbalinlar butun Qohiradan keladigan chiqindini saralab, qayta ishlash orqali tirikchilik qiladi. Nechog‘li g‘alati ko‘rinmasin, aynan shunday sharoitda o‘ta samarali qayta ishlash tizimi vujudga kelgan.
Endi Yaponiyaning Xashima shahridamiz. Bir vaqtlar jahon bo‘yicha aholi eng zich yashagan ayni hududda ko‘mir konlari juda faol ishlagan. Mazkur tabiiy yonilg‘i zaxirasi tugagach, tez orada odamlar shaharni tashlab ketishgan. Bugun Xashima bo‘m-bo‘sh, vayron binolar va sukunat bilan to‘lgan “arvohlar shahri”ga aylangan.
Navbatdagi manzil – Norvegiyadagi Longyirbiyen shahri. Bu o‘lkada hayot bilan bog‘liq juda g‘alati qonun bor – Longyirbiyenda vafot etish rasman taqiqlangan. Sababi, juda kuchli sovuq tufayli bu zaminda jasad chirimaydi va xavfli zararkunandalar tarqalishi xavfini oshiradi. Shu bois mahalliy og‘ir bemorlar darhol boshqa hududga olib ketiladi. Darvoqe, mazkur shahar ko‘chalarida oq ayiqni uchratish oddiy hol.
Ispaniyaning Setenil-de-las-Bodegas shahrini ilk bor ko‘rgan odam ko‘zlariga ishonishi qiyin. Axir, bu joyda uylar oddiy uslubda qurilmagan, balki ulkan tabiiy qoyalar ostida yoki ichida qad ko‘targan. Aholi asrlar davomida qoya toshlarni buzmay, aksincha tabiiy shakldan uy devori va tomi sifatida foydalanib kelgan. Shahar ko‘chalarida sayr qilar ekansiz, boshingiz uzra bir necha ming tonna keladigan ulkan tosh osilib turganini ko‘rasiz. Bir qarashda bu juda xavfli va qo‘rqinchlidek. Aslida esa bu qoyalar juda mustahkam bo‘lib, asrlar davomida o‘rnini saqlab qolmoqda. Yana bir ajoyib jihat – bu toshlar uy ichi tabiiy haroratini saqlab turadi: yozda salqin, qishda iliq.
Va nihoyat ro‘yxatning eng sirli shahri – Hindistondagi Varanasi. Bu kent hindlar uchun eng muqaddas joylardan biri sanaladi. Shuning uchun hind diyorining turli hududlari va hatto boshqa mamlakatlardan ham juda ko‘p inson ko‘chib kelib, hayotining so‘nggi kunlarini ayni manzilda o‘tkazishga harakat qiladi. Ular shu yerda o‘limini kutib yashaydi, chunki e’tiqodga ko‘ra, Varanasida vafot etgan inson qayta tug‘ilish azobidan xalos bo‘larkan. Mazkur shaharning muqaddas sigirlar bemalol yuradigan ko‘chalari juda tor va chalkash: odamlar uy va ibodatxonalar orasida doimiy harakatda. Gang daryosi bo‘yida esa marhumlar jasadini kuydirish marosimi tunu-kun to‘xtamaydi.
Ko‘rib turganingizdek, inson har qanday sharoitga moslasha oladi. Baland tog‘, yer osti, sahro, muzli hudud yoki qazoga yaqin joy bo‘lsin, odamzod hayot kechirish yo‘lini topadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/dVHQdewMzHg" title="Hatto, o‘lish ham taqiqlangan shahar" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Fardona Yaxshiboyeva, Ulug‘bek To‘xtayev (videomuhandis), O‘zA