Harri Keyn - «Oltin to‘p» sohibi
Angliya poytaxti London shahrida futbol bo‘yicha 2025/2026-yilgi mavsumning eng yaxshi futbolchilari aniqlandi. Angliya terma jamoasi sardori, Germaniyaning «Bavariya» klubi hujumchisi Harri Keyn erkaklar o‘rtasida yilning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Ispaniyalik Aleksiya Putelyas esa ayollar o‘rtasidagi bosh sovrinni uchinchi marta qo‘lga kiritdi.
Londonning «Palladium» teatrida «Oltin to‘p» mukofotining 70- taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tantanali tadbirda yil davomida yuqori natijalarga erishgan futbolchilar, murabbiylar va klublar turli nominatsiyalar bo‘yicha e’tirof etildi.
Marosimda bosh sovrinni Harri Keynga ikki karra Jahon chempioni va ikki karra «Oltin to‘p» sohibi, braziliyalik futbol afsonasi Ronaldo topshirdi. Shu tariqa, 33 yoshli angliyalik hujumchi faoliyatida ilk bor ushbu nufuzli mukofotga sazovor bo‘ldi.
Ovoz berish natijalariga ko‘ra, ikkinchi o‘rinni Madridning «Real» klubi hujumchisi Kilian Mbappe, uchinchi o‘rinni esa «Barselona»ning yosh yulduzi Lamin Yamal egalladi.
Keyn uchun 2025/2026-yilgi mavsum sermahsul kechdi. U «Bavariya» safida 51 ta uchrashuvda 61 ta gol urib, jamoasi bilan Germaniya chempionati va kubogida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Bundesligada 36 ta gol bilan mavsumning eng yaxshi to‘purari bo‘ldi. Klub va terma jamoa safida jami 65 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasini 73-marta ishg‘ol qildi.
Ayollar o‘rtasidagi «Oltin to‘p» mukofoti ispaniyalik Aleksiya Putelyasga nasib etdi. «Barselona»ning sobiq futbolchisi ushbu sovrinni uchinchi marta qo‘lga kiritdi. U 2021 va 2022-yillarda ham yilning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan edi.


Marosimda boshqa nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi. Jumladan, erkaklar o‘rtasida yilning eng yaxshi yosh futbolchisi Lamin Yamal bo‘ldi. Ayollar o‘rtasida esa Viki Lopes ushbu mukofotga loyiq ko‘rildi. Erkaklar o‘rtasida yilning eng yaxshi darvozaboni sovrini Unay Simonga, ayollar o‘rtasidagi mukofot esa Kata Kolga berildi.
Yilning eng yaxshi erkaklar klubi deb Fransiyaning «PSJ», ayollar klubi sifatida esa «Barselona» e’tirof etildi. Ispaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Luis de la Fuente erkaklar, «Barselona» ustozi Pere Romeu esa ayollar o‘rtasida yilning eng yaxshi murabbiyi bo‘ldi. Angliya terma jamoasi va «Arsenal» vakili Bukayo Saka Sokrates mukofoti bilan taqdirlandi.
Ma’lumot uchun, «Oltin to‘p» mukofoti 1956-yilda Fransiyaning “France Football” jurnali tomonidan ta’sis etilgan. 2026-yilgi marosim Londonda ilk bor o‘tkazilib, mukofotning 70 yilligiga bag‘ishlandi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA