Mo‘l hosil yetishtirildi
Boyovut tumani dalalarida bu yilgi g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumi alohida ko‘tarinki ruhda kechmoqda. Quyosh mehrini ayamagan bu maydonlarda dehqonning tinimsiz mehnati, zamonaviy agrotexnologiyalar va tabiatning o‘zi hamkorlik qilib, yuksak hosildorlik uchun zamin yaratdi. Natijada xirmonlar osmon qadar bormoqda.
Quvonarlisi, tumandagi “Bekzod Obloqulov” fermer xo‘jaligi davlatga don topshirish bo‘yicha shartnoma majburiyatlarini to‘liq bajargan xo‘jaliklar qatorida alohida e’tirof etildi. Xo‘jalik ixtiyoridagi 120 gektar ekin maydonining 65 gektarida boshoqli don yetishtirilib, mavsum yakunida yuqori hosildorlikka erishildi.
Fermer xo‘jaligi tomonidan davlat don qabul qilish korxonasiga jami 300 tonna sifatli don topshirildi. Bu ko‘rsatkich tumanda g‘allachilik sohasida mehnat samaradorligi izchil oshib borayotgani, dehqonchilikda to‘plangan tajriba va zamonaviy agrotexnologiyalar o‘z samarasini berayotganini tasdiqlaydi.

Yutuqli natijalar evaziga “Bekzod Obloqulov” fermer xo‘jaligi rahbari tuman hokimligi tomonidan esdalik sovg‘asi bilan taqdirlandi.
Ayni kunlarda tumanda g‘alla o‘rim-yig‘im ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda. Mavsumni yuqori ko‘rsatkichlar bilan yakunlash, hosilni o‘z vaqtida va yo‘qotishlarsiz yig‘ib olish maqsadida barcha zarur tashkiliy hamda texnik choralar ko‘rilmoqda. Dehqon va fermerlarning fidokorona mehnati esa yil yakunining mo‘l hosilli va barorli bo‘lishiga mustahkam zamin yaratmoqda.

– Bu yil haqiqatan ham dehqonchilik yili bo‘ldi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Bahor seryog‘in keldi, bu esa ekilgan bug‘doydan yuqori hosil olish imkonini berdi. Albatta, rejalarimiz bor. Nasib qilsa, g‘alladan bo‘shagan maydonlarga ikkinchi ekin sifatida mosh ekishni rejalashtiryapmiz. Mosh Boyovutda viloyatning boshqa hududlariga qaraganda yaxshi hosil beradi. Bu esa nafaqat xo‘jaligimizning iqtisodiy salohiyatini oshiradi, balki ishchilar farovonligi va bozorlar to‘kin-sochinligiga ham xizmat qiladi, – deydi fermer xo‘jaligi rahbari Bekzod Obloqulov.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, ayni paytda mavjud qulay ob-havo sharoiti va dehqonlarning samarali mehnati g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumini yuqori natijalar bilan yakunlash imkonini bermoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri