Harbiy ta’limda sifat va samaradorlik har qachongidan-da muhim
Mamlakatimizda harbiy ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, bo‘lajak ofitserlarning kasbiy tayyorgarligini oshirish hamda ta’lim jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir.
O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti Harbiy pedagoglarni tayyorlash va malakasini oshirish markazida respublika miqyosidagi ilmiy anjuman bo‘lib o‘tdi.
“Harbiy ta’lim muassasalarida o‘qitish metodikalari: joriy holat, muammolar, yechimlar va istiqbollar” mavzusidagi tadbir harbiy ta’lim muassasalarida mashg‘ulotlarni tashkil etish va o‘tkazish metodikasini takomillashtirish, nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash, mavjud muammolarga samarali yechimlar ishlab chiqishga qaratildi.
Qurolli kuchlari Harbiy pedagoglarni tayyorlash va malakasini oshirish markazi boshlig‘i, polkovnik Botirjon Ahmadjonov so‘zga chiqib, harbiy ta’lim tizimida o‘quv jarayonini zamon talablari asosida tashkil etish, professor-o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish, zamonaviy o‘qitish usullaridan foydalanish, nazariy bilimlarni amaliy ko‘nikmalar bilan mustahkamlash zarurligini qayd etdi.
Muhokamalar davomida o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish, nazariy va amaliy tayyorgarlikni uyg‘unlashtirish, ilmiy salohiyatni rivojlantirish hamda zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Qurolli kuchlar Harbiy pedagoglarni tayyorlash va malakasini oshirish markazi katta o‘qituvchi-dotsenti, podpolkovnik Ulug‘bek Shamsiddinov “Harbiy ta’lim muassasalarida mashg‘ulotlarni o‘tkazish metodikasida uchraydigan muammolar va ularning yechimlari” mavzusida ma’ruzasida: – mashg‘ulotlarni samarali rejalashtirish, o‘quv jarayonini to‘g‘ri tashkil etish, mavjud metodik kamchiliklarni aniqlash va bartaraf etish har qachongidanda muhim, – dedi.
Tadbirda faol ishtirok etganlar munosib taqdirlandi.
– Bunday ilmiy-amaliy tadbirlar professor-o‘qituvchilar o‘rtasida tajriba almashish, ilg‘or metodik yondashuvlarni ommalashtirish va ta’lim jarayonidagi mavjud muammolarni birgalikda tahlil qilish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti Quruqlikdagi qo‘shinlar instituti katta o‘qituvchisi podpolkovnik Murod Qosimov. – Eng muhimi, bildirilgan fikr va takliflar harbiy ta’lim sifatini oshirish, o‘quv jarayonini takomillashtirish hamda zamonaviy talablarga javob beradigan malakali harbiy kadrlarni tayyorlashda muhimdir.
Anjumanda ma’ruzachilarning ilmiy izlanishlari, dolzarb masalalar yuzasidan bildirgan fikrlari va seminar ishiga qo‘shgan hissasi e’tirof etildi.
A.RUSTAMOV,
O‘zA