Har oyning ikki kunida avtomobilda yurish taqiqlanadi
Atrof-muhitni asrash, havo ifloslanishini kamaytirish va aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida mamlakatimizda yana bir muhim tashabbus amalga oshirilmoqda. Endi har oyning 10 va 25 sanalari respublika bo‘ylab “Avtomobilsiz kun” bo‘ladi.
Mazkur tashabbus shunchaki ixtiyoriy aksiya emas, balki qat’iy tartib va talablarga asoslangan umummilliy loyiha.

Loyihaning asosiy maqsadi avtomobillardan ajralib chiqadigan zararli gazlarni kamaytirish orqali o‘zimiz va farzandlarimiz uchun sog‘lom muhit yaratish hamda tabiatni asrashdan iborat.
Ushbu kunlarda qanday qat’iy qoidalarga amal qilinadi?
➖ Xizmat mashinalariga taqiq: belgilangan sanalarda barcha davlat fuqarolik xizmatchilari uchun xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish qat’iyan taqiqlanadi;
➖ Qat’iy nazorat: jarayon Ichki ishlar vazirligi hamda Ekologiya qo‘mitasi tomonidan bevosita kuzatib boriladi;
➖ Ijtimoiy kafolat: aksiya ish kuniga to‘g‘ri kelgan taqdirda ham, xizmat mashinalari haydovchilarining oylik ish haqi to‘liq saqlab qolinadi.
Taqiqqa amal qilmaganlarga qanday chora ko‘riladi?
Davlat xizmatchisi tomonidan ushbu qoidaning buzilishi — odob-axloq qoidalarining jiddiy buzilishi sifatida baholanadi;

Qoidabuzar xodimga nisbatan tashkilot rahbari tomonidan qonuniy intizomiy jazo choralari qo‘llaniladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA