Har bir murojaat — e’tiborda
Prezidentimiz tashabbusi bilan davlat idoralari rahbarlarining xalq bilan ochiq muloqoti, har bir murojaatga mas’uliyat bilan yondashishi va raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan samarali foydalanishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ana shu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Milliy gvardiya qo‘mondonining navbatdagi sayyor qabuli tashkil etildi.
Onlayn videokonferensaloqa orqali mamlakatimizning turli hududlaridagi fuqarolar hamda harbiy xizmatchilar qabulda bevosita ishtirok etib, o‘zlarini qiynab kelayotgan ijtimoiy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan murojaat qilish imkoniga ega bo‘ldi.

Eng muhimi, murojaatchilar qabulda qatnashish uchun uzoq yo‘l bosishiga hojat qolmadi. Bu esa vaqt tejalishi, ortiqcha ovoragarchilikning oldi olinishi va aholi bilan muloqot samaradorligining yanada oshishiga xizmat qildi.

Qabul davomida har bir murojaat atroflicha o‘rganilib, mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi. Aksariyat masalalar joyidayoq ijobiy hal etildi, qo‘shimcha o‘rganish talab etadigan murojaatlar esa qat’iy nazoratga olindi.
Iste’fodagi polkovnik O‘ktam Hayitovning ta’kidlashicha, bu kabi zamonaviy formatdagi qabullar aholi uchun katta qulaylik yaratmoqda.
—Bugun davlat idoralari fuqarolar muammosiga yechim topishga intilmoqda, — deydi O‘.Xayitov. — Onlayn qabullar orqali eng chekka hududdagi inson ham o‘z murojaatini to‘g‘ridan-to‘g‘ri rahbariyatga yetkazish imkoniga ega bo‘lmoqda. Bu nafaqat vaqt va mablag‘ni tejaydi, balki davlat organlarining ochiqligi, xalq bilan muloqoti va mas’uliyatini yanada kuchaytiradi. Eng muhimi, har bir murojaat ortida inson taqdiri turganini unutmaslik kerak.
Bunday ochiq muloqot va zamonaviy yondashuvlar aholining davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlash, inson manfaatlarini ta’minlash hamda xalq bilan muloqotning yangi, samarali tizimini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Nigora Rahmonova,
O‘zA