Har bir murojaat e’tibor markazida
Fuqaroni ba’zan muammoning o‘zi emas, uni qanday hal etishni bilmaslik ko‘proq qiynaydi. Qaysi idoraga murojaat qilish kerak? Qonun nima deydi? Huquqni himoya qilishning to‘g‘ri yo‘li qaysi?
Gurlan tumanida o‘tkazilgan Xorazm viloyati sudlarining sayyor qabulida ana shunday savollarga bevosita muloqot orqali javob berildi.

– Viloyat sudi raisi, sudyalar fuqarolarni qabul qilib, ularning murojaatlarini birma-bir eshitdilar, – deydi Xorazm viloyat sudining Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘yicha bosh konsultanti Bunyodbek Xusinov. – Mulk va mehnat huquqi, oilaviy munosabatlar, sud hujjatlarining ijrosi hamda boshqa huquqiy masalalar yuzasidan bildirilgan murojaatlar mazmunan o‘rganildi. Qonunchilik talablari tushuntirilib, huquqni himoya qilish uchun qanday harakat qilish, qay tartibda murojaat etish va zarur hollarda qanday protsessual qadamlarni bosib o‘tishi lozimligi yuzasidan huquqiy yo‘l-yo‘riq ko‘rsatildi.

Qabulda har bir masalaga murojaatchining aniq vaziyatdan kelib chiqib yondashildi. Shuningdek, fuqarolarning murojaatlaridan kelib chiqqan holda tuman sudining tergov sudyasi tomonidan shu yerning o‘zida sayyor sud majlisi ham o‘tkazildi. Unda bir guruh fuqarolarning arizalari ko‘rib chiqilib, qonuniy asoslar mavjudligi inobatga olingan holda ularning talablari qanoatlantirildi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri