Har bir mahallada futbol maydonchasi
Sog‘lom bola yilida Jizzax shahridagi mahallalarda 12 dam olish xiyoboni barpo etildi. 7 milliard 700 million so‘mlik qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgan bunday madaniy maskanlarda sun’iy qoplamali futbol maydonchalari ham tashkil etildi.
Sog‘lom bola yilida Jizzax shahridagi mahallalarda 12 dam olish xiyoboni barpo etildi. 7 milliard 700 million so‘mlik qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgan bunday madaniy maskanlarda sun’iy qoplamali futbol maydonchalari ham tashkil etildi.Shaharning “Zargarlik” mahallasida barpo etilgan uchta ana shunday maskan faoliyatidan aholi mamnun. Har birining tarkibida bolalar maydonchasi, savdo-maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, 50, 70 kvadrat metrli sun’iy qoplamali futbol maydonchalari bo‘lgan mo‘jaz dam olish majmualarida aholining bo‘sh vaqtini ko‘ngilli o‘tkazishi uchun barcha sharoit yaratilgan.
– Bizga mana shunday maskan juda zarur edi, – deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Sabohat Muhiddinova. – 54 ko‘p qavatli uydagi 2 ming 174 oilada 12 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qilayotgan mahalla shahardagi gavjum go‘shalardan biri. Yurtboshimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari samarasida bizning mahalla ham kun sayin obod bo‘lib borayotir. Jamoat joylarini obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirishda katta ishlar qilindi, aholiga xizmat ko‘rsatish yaxshilandi. Ayniqsa, har bir xiyobonda bolalar maydonchalari va sun’iy qoplamali futbol maydonchalari barpo etilganidan mahalla ahli g‘oyat mamnun.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, shu yilning o‘tgan davrida Jizzax tumanida uchta, Zomin tumanida ikkita, Paxtakor, Yangiobod tumanlarida bittadan mahallada – viloyat bo‘yicha 19 ana shunday majmua barpo etildi. Xiyobonlar, bolalar maydonchalari va sun’iy qoplamali futbol maydonchalarini qurish tadbirkor va homiylar ko‘magida, hashar asosida amalga oshirilmoqda. Hozirgacha bu inshootlarni qurish uchun 10 milliard 408 million so‘mlik ish bajarildi. Yil oxiriga qadar barcha tumanlarda eng kamida bittadan shunday maydonchalar barpo etish mo‘ljallanmoqda.