Har bir mahalla yangicha yondashuvda o‘zgarmoqda
Davlatimiz rahbarining 2024-yil 23-sentabrdagi “Kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risida”gi farmoni aholi turmush sharoitini yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish orqali kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash dasturlarining samaradorligini oshirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Xususan, Surxondaryo viloyatida tanlab olingan eng og‘ir ahvoldagi mahallalar infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha dastur doirasida ishsizlik va kambag‘allik birin-ketin qisqartirilmoqda. Mahallalarda tomorqa yerlarning sug‘orish tizimi yaxshilandi.

Barqaror elektr energiyasi va internet tarmog‘i bilan ta’minlandi. “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, har bir xonadon, ko‘cha va infratuzilma ob’ektlari xatlovdan o‘tkazildi.
Mazkur ishlarni belgilangan muddatlarda sifatli amalga oshirish uchun mahallalarga mutasaddilar biriktirilib, doimiy nazorat ishlari olib borilmoqda.

Shunga ko‘ra, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz shahridagi Bog‘ishamol mahallasida bo‘lib, hududdagi yangilanish jarayonlari va “Termiz Farovon Servis” boshqaruv servis kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi. Tashrif davomida mahallada aholi uchun yaratilgan qulayliklar va infratuzilma holati atroflicha tahlil qilindi.
Hozirda mazkur mahalla qiyofasi tubdan o‘zgarib, zamonaviy shaharsozlik talablariga mos holatga keltirilgan. Xususan, ko‘p qavatli uylarning tashqi fasad qismi zamonaviy ranglar bilan yangilanib, hududga o‘zgacha ko‘rinish bag‘ishladi. Shu bilan birga, yangi piyodalar yo‘laklari, avtoturargohlar va bolalar maydonchalari barpo etilib, mahalla ko‘rki yanada oshdi.

Qayd etilganidek, mahallada xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti qoshidagi “Termiz Farovon Servis” kompaniyasi tomonidan innovatsion boshqaruv tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
— Bog‘ishamol mahallasidagi bugungi ijobiy o‘zgarishlar nafaqat hudud infratuzilmasini yangilash, balki aholiga servis xizmati ko‘rsatishda ilmiy yondashuv va zamonaviy muhandislik yechimlarini joriy etishning amaliy natijasidir, – dedi universitet Axborot xizmati rahbari Zahiriddin To‘rayev. – Universitet va mahalla hamkorligining bunday noyob modeli aholi uchun sifatli yashash muhitini yaratish bilan birga, soha uchun yuqori malakali, zamonaviy kadrlar tayyorlashda ham muhim amaliy platforma bo‘lib xizmat qiladi.

Xavfsizlikni ta’minlash maqsadida “Raqamli mahalla” loyihasi doirasida uylarga Face-ID tizimi va zamonaviy videokuzatuv kameralari o‘rnatildi. Ekologik muhitni yaxshilash borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilib, “Yashil makon” loyihasi doirasida aholi bilan hamjihatlikda turli mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.

Mahalla ahlining mazmunli hordiq chiqarishi uchun naqshinkor shiyponchalar va o‘rindiqlar to‘liq ta’mirlanib, namunali holatga keltirilgan.
Viloyat rahbari aholi bilan bevosita muloqot o‘tkazib, yaratilgan sharoitlarni yuqori baholadi hamda ushbu tajribani shahar va viloyatning boshqa hududlarida ham keng joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
G.Boboyeva, O‘zA