Har bir bola baxtli oilada yashashga haqli
Bugungi kunda voyaga yetmaganlarning huquqlarini himoya qilish — davlatimizning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi buning amaliy isbotini ko‘rsatdi. Markaz xodimlari tomonidan olib borilgan ijtimoiy o‘rganishlar davomida 2009-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan U.G.ning huquqiy va ijtimoiy ko‘makka muhtojligi aniqlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, bolaning onasi vafot etgan, otasi G.A. esa fuqaroligi bo‘lmagan shaxs bo‘lib, tug‘ilganlik guvohnomasida qonuniy otalik belgilari rasmiylashtirilmay qolgan. Bolaning onasi yolg‘iz bo‘lganligi hamda qonuniy otasi mavjud bo‘lmaganligi sababli, onaning vafotidan so‘ng voyaga yetmagan bola chin yetim toifasiga kiritilgan va qonuniy vakilsiz qolgan. Ona hayot bo‘lmaganligi sababli amaldagi tartib bo‘yicha ota-onaning birgalikda ariza berish imkoniyati yo‘q edi.
Ushbu holat aniqlangach, markaz xodimlari masalaga huquqiy va insoniy yondashib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-oktabrdagi “Nikoh, oila va fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, vasiylik va homiylik organining roziligi bilan otalikni belgilash choralarini ko‘rildi. 17 yoshli U.G. ham amaldagi qonunchilikka asosan bunga o‘z roziligini bildirdi.
“Inson” markazi va tuman FXDYO organi hamkorligida barcha hujjatlar rasmiylashtirilib, bolaga yangi guvohnoma tantanali topshirildi. Bu shunchaki hujjat emas, balki bir oilaning ota va bolaning ruhan bog‘lanishi bo‘ldi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri