Maktabgacha ta’limda yangi bosqich: Toshkentda mintaqaviy markaz ish boshlaydi
Bolaning ta’lim olishi maktab ostonasida emas, aynan ilk yoshdan boshlanadi. Shu bois maktabgacha ta’lim tizimidagi har bir islohot bolaning keyingi rivoji, qobiliyati va ta’limga munosabatiga bevosita ta’sir qiladi.
Endi bu yo‘nalishda xalqaro tajribani o‘rganish, ilmiy tadqiqotlarni kuchaytirish va zamonaviy dasturlarni joriy etishga qaratilgan yangi tuzilma ishga tushiriladi.
Toshkent shahridagi Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti huzurida Maktabgacha ta’limni rivojlantirish mintaqaviy markazi tashkil etiladi.
Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 18-avgustdagi “Toshkent shahrida Maktabgacha ta’limni rivojlantirish mintaqaviy markazini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorida belgilab qo‘yildi.
Xo‘sh, Markaz nimalar bilan shug‘ullanadi?
Mazkur markaz maktabgacha ta’lim sohasida mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni rivojlantiradi, YUNESKOga a’zo davlatlarning maktabgacha ta’lim dasturlari va usullari bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazadi, bolalarni erta rivojlantirishga qaratilgan zamonaviy ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va joriy etishda ishtirok etadi. 2030-yilgacha maktabgacha ta’lim sohasidagi Toshkent deklaratsiyasi ijrosini monitoring qiladi va davriy hisobotlar tayyorlaydi. Bu vazifalarning har biri maktabgacha ta’limni faqat bolani maktabga tayyorlash bosqichi emas, balki shaxsning dastlabki rivojlanish davri sifatida qarashni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Markaz faoliyatining yana bir muhim yo‘nalishi — pedagog kadrlarni qayta tayyorlash tizimiga yangi yondashuvlarni olib kirishdan iborat. Zamonaviy maktabgacha ta’lim tarbiyachidan faqat bolalar bilan ishlash mahoratini emas, balki bolaning psixologik, ijtimoiy va intellektual rivojlanish xususiyatlarini chuqur tushunishni ham talab etadi. Shuning uchun pedagoglarni tayyorlash va malakasini oshirishda xalqaro tajribadan foydalanish alohida ahamiyatga ega. Qaror bilan Markazga pedagog kadrlarni qayta tayyorlashda yangi yondashuvlarni joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, shuningdek, xalqaro trening, seminar va konferensiyalar tashkil etish vazifasi ham yuklatildi.
Yangi Markaz maktabgacha ta’lim sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, ilmiy izlanishlar olib borish va ilg‘or ta’lim usullarini amaliyotga tatbiq etishda muhim maydonga aylanishi ko‘zda tutilmoqda. Maktabgacha ta’limdagi sifat, avvalo, bola bilan ishlaydigan mutaxassisning bilimi va yondashuviga bog‘liq. Shu nuqtai nazardan, xalqaro tajribani o‘rganish va uni milliy ta’lim tizimi xususiyatlariga moslashtirish orqali pedagoglarning kasbiy salohiyatini oshirish imkoniyati paydo bo‘ladi. Yangi markazning tashkil etilishi Toshkentni maktabgacha ta’lim sohasida tajriba, tadqiqot va xalqaro hamkorlikni birlashtiruvchi mintaqaviy maydonga aylantirish maqsadini ham ifodalaydi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA