Hamkorlikning yangi bosqichi
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlari bugun hududlar bo‘yicha amaliy hamkorlik bilan tobora boyib bormoqda. Jizzax viloyatida ham qardosh davlat bilan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar aloqalarni yangi mazmun bilan to‘ldirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jizzax viloyat hokimi Ulug‘bek Mustafoyevning Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Yerali Tug‘janov bilan uchrashuvi ana shu hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Muloqotda, avvalo, hududlararo aloqalarni kengaytirish, mavjud imkoniyatlarni aniq loyihalarga aylantirish masalalari muhokama qilindi. Jizzax viloyatining Qozog‘iston bilan chegaradoshligi, tarixiy va geografik yaqinligi savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish uchun muhim omil sifatida qayd etildi.
Ayniqsa, suv resurslari, irrigatsiya, chegara savdosi va logistika sohalarida hamkorlik uchun keng imkoniyatlar mavjud. Bu yo‘nalishlardagi aloqalarning izchil rivojlanishi nafaqat iqtisodiy manfaatlarga, balki hududlar o‘rtasidagi amaliy sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Qolaversa, so‘nggi ikki yilda viloyatda Qozog‘iston kapitali ishtirokida 11 ta korxona ro‘yxatdan o‘tgani, ularning 8 tasi ayni paytda faoliyat yuritayotgani ham hamkorlikning amaliy natijalaridan dalolat beradi.
2026-yil 23-24-iyun kunlari Aqtau shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Qozog‘iston hududlari rahbarlari kengashi yig‘ilishi doirasida Jizzax va Turkiston viloyatlari o‘rtasida 2026–2028-yillarda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha Anglashuv memorandumi imzolangani ham uchrashuvda alohida ta’kidlandi.

Hududlararo hamkorlikning yana bir muhim jihati sanoat kooperatsiyasi bilan bog‘liq. Jizzax viloyatining “ADM Component” korxonasi ishtirokida Qo‘stanay viloyatida “KIA” va “JAC” avtomobillari uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda.
Eksport yo‘nalishida ham salmoqli qadamlar tashlanmoqda. Joriy yil 23-iyul kuni “Zarbdor tekstil” korxonasi Astana shahrida Savdo uyini ochgani hamda Qozog‘istonga 10 million dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolaganligi bu boradagi ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Uchrashuvda sanoat va investitsiyalar, qishloq xo‘jaligi, savdo va logistika, hududlararo hamkorlik, turizm va madaniyat sohalarida yangi tashabbuslarni ilgari surish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri