Hamkorlik kengayadi
Bugun Farg‘ona viloyati tadbirkorlari, ishlab chiqaruvchilari uchun o‘z faoliyatini kengaytirish, yangi hamkor va yangi bozor topishi uchun keng imkoniyatlar kuni.
Farg‘onada O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hududlari Kengashining yig‘ilishi doirasidagi tadbirlar qizg‘in davom etmoqda.
"Farg‘ona ekspo" markazi bugun ikki mamlakat hududlari va ishbilarmon doiralari vakillarini bir maydonda jamlagan muloqot va hamkorlik maskaniga aylangan.
Tadbir ishtirokchilari bu yerda tashkil etilgan ko‘rgazma bilan tanishib, Farg‘ona viloyatining investitsiya va sanoat salohiyati, hududda amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar haqida batafsil ma’lumot olmoqda.
Ko‘rgazma zallarida viloyatda faoliyat yuritayotgan ishlab chiqarish korxonalari mahsulotlari, meva-sabzavotlarni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish sohasidagi imkoniyatlar, shuningdek, yangi investitsiya loyihalari o‘rin olgan. Bu esa rossiyalik hamkorlarga Farg‘onaning iqtisodiy imkoniyatlari bilan bevosita tanishish imkonini bermoqda.
Rossiya rasmiy idoralari rahbar va vakillari, ishlab chiqaruvchilari yuzma-yuz muloqotlar stoliga o‘tirdilar. Maqsad xamkorlikni kengaytirish, yangi bozorlar ochishdir.
Muhammadjon Obidov,
O‘zA