Hamid Olimjon merosining o‘zbek adabiyotidagi ilmiy talqini
Hamid Olimjon o‘zbek adabiyotining yirik namoyandalaridan biri bo‘lib, uning ijodi milliy poeziya rivojida muhim o‘rin tutadi. Shoirning boy adabiy merosi, o‘ziga xos badiiy uslubi va xalqona ruh bilan sug‘orilgan asarlari bugungi kunda ham ilmiy jihatdan keng o‘rganilmoqda.
Hamid Olimjon (Azimov Hamid Olimjonovich) 1909-yil 12-dekabrda Jizzaxda tug‘ilgan. Onasi va buvisi unga yoshligidan ko‘plab xalq ertaklari, dostonlari va qo‘shiqlarini aytib berishgan. Keyinchalik u folklor yo‘nalishiga ham yig‘uvchi, ham tadqiqotchi sifatida yondashgan. Hamid 1918-yil Jizzaxda ochilgan o‘rta maktabga, keyin Samarqandda o‘qidi. 1928-31 yillari o‘zbek pedagogika akademiyasida tahsil oldi.
1928-yil Hamid Olimjonning “Bahor” nomli ilk she’riy to‘plami chiqdi. Bir necha yildan so‘ng o‘zbek shoiri va yozuvchisi Oybek Hamid Olimjon haqidagi maqolasida ushbu to‘plam nomlanishining ramziyligiga alohida to‘xtaladi. “Bahor” to‘plami shoir ijodining aynan “bahor pallasi”ga to‘g‘ri kelganini alohida izohlaydi.
Hamid Olimjon she’riyatiga rus adiblari Maksim Gorkiy va Vladimir Mayakovskiy sezilarli ta’sir ko‘rsatgan. U zamonaviylikni kengroq ochib berishga jur’at qilgan ilk o‘zbek shoirlari qatorida tan olinadi. Muallif iste’dodi “Semurg‘” (1939-yil), “Oygul bilan Baxtiyor” (1938-yil), “Diyor” (1939-yil), “Baxt” (1940-yil) dostonlarida yanada yorqin namoyon bo‘ldi. Uning eng sara asarlaridan biri – o‘zida 1930-yillar o‘zbek she’riyati xususiyatlarini jamlagan “Zaynab va Omon” dostoni. Ikkinchi Jahon urush yillari “Qo‘lingga qurol ol” (1942-yil) she’riy to‘plami, “Muqanna” (1942-43 yillar) tarixiy tragediyasi hamda “Roksananing ko‘z yoshlari” (1944-yil) dostoni dunyo yuzini ko‘radi. “Sharqdan g‘arbga ketayotgan do‘stga“, “Qamal qilingan shahar tepasidagi oy” kabi asarlar esa ko‘pchilik tomonidan yuksak mahorat bilan yozilgani ta’kidlanadi.
Muallifning adabiyotshunoslikka oid maqolalarida o‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyoti muammolari ko‘tarilgan, rus va o‘zbek adabiyotining o‘zaro bog‘liq jihatlari o‘rganilgan. “Muhammad Amin Muqimiy” (1938-yil), “Navoiyning “Farhod va Shirin” dostoni haqida” (1939-yil), “Navoiy va bizning davrimiz” (1940-yil), “Salom, Pushkin!” (1937-yil), “Tolstoy va o‘zbek xalqi” (1938-yil) shular jumlasidan. Bundan tashqari Hamid Olimjon “Kuychining xayoli”, “Ofeliyaning o‘limi”, “Holbuki, tun”, “Ishim bordur o‘sha ohuda”, “O‘rik gullaganda”, “Tinimsizdir yolg‘iz shabboda”, “Shodlikni kuylaganimning sababi” va “O‘zbekiston” kabi lirik she’rlar muallifi hisoblanadi. Aleksandr Pushkinning “Kavkaz asiri” va “Suv parisi” dostonlari, Mixail Lermontovning “Zamonamiz qahramoni” qissasi va “Bela” hikoyasi, Maksim Gorkiyning “Chelkash” asari, Nikolay Ostrovskiyning “Po‘lat qanday toblandi” romani va Aleksandr Korneychukning “Platon Krechet” pesasi aynan Hamid Olimjon tomonidan o‘zbek tiliga o‘girilgan. 1943-yil O‘zbekiston Fanlar akademiyasi muxbir a’zoligiga qabul qilingan. 1939-44 yillari Yozuvchilar uyushmasida mas’ul kotib bo‘lib ishlagan. Hamid Olimjon 1944-yil 3-iyulda avtomobil halokati oqibatida vafot etgan.
2004-yil “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan. Toshkent metropoliteni bekatlaridan biri, Qarshi davlat pedagogika institutiga Hamid Olimjon nomi berilgan. Qolaversa, Toshkent shahrida Hamid Olimjon nomi bilan atalgan maydonda 1990-yil uning xotirasiga haykal o‘rnatilgan.
Hamid Olimjon ijodining badiiy xususiyatlarini tahlil qilishda bir necha muhim jihatlarga e’tibor qaratish zarur. Avvalo, uning she’riyatida romantizm va realizm uyg‘unligi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Shoir voqelikni haqqoniy tasvirlash bilan birga, ideallashtirish orqali yuksak estetik darajaga ko‘taradi. Shoirning poetik tafakkuri obrazlar tizimida o‘z ifodasini topadi. Uning asarlarida obrazlar sodda, ammo ramziy ma’noga ega bo‘lib, ular orqali muallif murakkab g‘oyalarni ifodalaydi. Masalan, tabiat ramzlari orqali inson ruhiy holati, sevgi va sadoqat tushunchasi ochib beriladi. Bundan tashqari Hamid Olimjon folklor an’analaridan samarali foydalangan. Xalq og‘zaki ijodi elementlari – ertak, afsona, rivoyat motivlari doston va she’rlarda keng qo‘llanadi. Bu adib ijodiga milliy ruh, tabiiylik va samimiylik bag‘ishlaydi. Til va uslub masalasida shoir sodda, ravon va obrazli ifoda vositalaridan foydalanadi. Uning she’riyati xalq tiliga yaqinligi bilan ajralib turadi. Aynan shu jihat asarlar keng kitobxon ommasi tomonidan oson qabul qilinishini ta’minlaydi.
Hamid Olimjon ijodi o‘zbek adabiyotshunosligida turli davrlarda turlicha ilmiy yondashuv asosida o‘rganilgan. Dastlabki tadqiqotlarda shoir ijodi ko‘proq ideologik nuqtai nazardan baholangan bo‘lsa, keyingi davrlarda estetik va badiiy jihatlarga ko‘proq e’tibor qaratila boshlandi. Zamonaviy ilmiy tadqiqotlarda esa shoir merosi kompleks yondashuv asosida tahlil qilinmoqda. Jumladan, uning asarlari tizimli, poetik, semiotik va madaniy yondashuvlar asosida o‘rganilyapti. Bu Hamid Olimjon ijodi ko‘p qirrali ekanini tasdiqlaydi.
Ayrim tadqiqotchilar adib ijodini milliy uyg‘onish davri adabiyoti bilan bog‘lab o‘rganadilar. Ular Hamid Olimjon asarlarida milliy o‘zlikni anglash, tarixiy xotira va madaniy meros masalalari muhim o‘rin tutishini ta’kidlaydilar. Hamid Olimjon o‘zbek poeziyasi rivojida muhim bosqichni tashkil etadi. U milliy she’riyatni yangi mazmun va shakl bilan boyitgan. Shoir ijodi keyingi avlod vakillari uchun o‘ziga xos maktab vazifasini o‘tadi. Adib asarlari nafaqat badiiy adabiyot rivojiga, balki o‘zbek xalqi ma’naviy hayotiga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatgan. Hamid Olimjon ijodi orqali milliy qadriyatlar, insonparvarlik g‘oyalari va estetik did rivojlangan.
Bugungi kunda ham ushbu shoir merosi dolzarbligini yo‘qotmay, zamonaviy adabiy jarayonda muhim manba bo‘lib xizmat qilmoqda. Uning asarlari yangi avlod tomonidan qayta o‘rganilib, turli ilmiy talqinlarga sabab bo‘lmoqda.
Hamid Olimjon merosi o‘zbek adabiyotining eng muhim va boy qatlamlaridan birini tashkil etadi. Ijodi badiiy mukammalligi, milliy ruhga sodiqligi hamda xalq og‘zaki ijodi an’analariga tayanganligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Hamid Olimjon asarlarida romantizm va realizm uyg‘unlashgan holda namoyon bo‘lishi uning ijodini estetik jihatdan yuksak darajaga ko‘targan. Shoirning obrazlar tizimi, til va uslub xususiyati o‘zbek poeziyasi rivojiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan. Ayni omil Hamid Olimjon ijodi ko‘p qirrali va dolzarb ekanini tasdiqlaydi. Umuman, Hamid Olimjon merosi nafaqat o‘z davri, balki bugungi kun o‘zbek adabiyoti uchun ham muhim ilmiy va badiiy manba bo‘lib xizmat qiladi. Uning ijodini o‘rganish milliy adabiyotimiz taraqqiyotini anglashda muhim ahamiyatga ega.
Lazizbek Shonazarov,
O‘zbekiston davlat konservatoriyasi
Akademik xonandalik
va operaga tayyorlov kafedrasi
2-bosqich talabasi