Gulruh Ne’matova: Hozirgi yosh jurnalistlar mashhurlik ketidan quvmoqda…
Alfraganus universiteti Filologiya fakulteti Sharq filologiyasi kafedrasi katta o‘qituvchisi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Gulruh Ne’matova bilan bugungi yosh jurnalistlarning eng ko‘p yo‘l qo‘yayotgan xatolari, media sohasidagi og‘riqli nuqtalar hamda haqiqiy professional jurnalist qanday bo‘lishi kerakligi xususida suhbatlashdik.
– Ustoz, bugungi kun jurnalistikasi qanday bo‘lish kerak? Ushbu sohaga kirib kelayotgan yoshlarning xatolari nimalardan iborat?
– Afsuski, bugungi kunda media sohasida og‘riqli nuqtalarimiz juda ham ko‘p. Bularning eng birinchisi, matbuot anjumanlari bo‘lsin yoki brifing, konferensiyalari bo‘lsin, barchasida intervyu olish jarayonida yoxud reportaj tayyorlash vaqtida jurnalistlarimiz yo‘l qo‘yadigan eng katta xato – bu noto‘g‘ri savol berish! Ya’ni, savolni egasi mutasaddi shaxsga o‘sha vaziyatdan kelib chiqib emas, balki ularning ko‘pincha shaxsiy hayotiga bog‘liq savollar beradi.
Lekin masalaga individual yondashadigan bo‘lsak, har bir tashkil etilayotgan konferensiya yoxud matbuot anjumani qaysidir maqsad yoki muammoning yechimiga bag‘ishlangan bo‘ladi. Aynan savol berishdan oldin jurnalistlarimiz va muxbirlarimiz, eng avvalo, o‘zlari nima xohlayotganini anglab olishlari kerak.
Noto‘g‘ri savol berish orqali jurnalist nafaqat o‘zining obro‘siga, balki u faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositasining ham obro‘siga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.
Eng achinarlisi, bugungi kunda yosh jurnalistlar asosan telekanallar yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali mashhurlikka intilishga harakat qilmoqda. Axir, jurnalist o‘zini ko‘z-ko‘z qiladigan inson emas. Jurnalist jamiyatda “to‘rtinchi hokimiyat” nomi berilgan katta mavqega ega shaxs hisoblanadi.
– Shu o‘rinda, yosh jurnalistlarga qanday tavsiyalar berasiz?
– Dastavval, jurnalist o‘z oldiga muayyan bir maqsadni qo‘yib olishi, shunga intilishi va plagiatlikdan qochishi zarur. Hozir biz ko‘p duch keladigan holat – jurnalistning press-relizga suyanib qolishi ularning eng katta xatosi hisoblanadi. Chunki, press-relizni jurnalist bo‘lmagan insonlar ham yozishi mumkin.
Shuni yodda tutish kerakki, press-reliz jurnalistni tanbal va dangasa qilib qo‘yadi. Natijada jurnalist o‘zining fikrlashi, dunyoqarashini kengaytirishi va vaziyatni oldindan taxmin qilish qobiliyatini cheklab qo‘yadi.
Xo‘sh, bu vaziyatga tushmaslik uchun nima qilish zarur?
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Ahmadjon Meliboyev ta’kidlaganidek, jurnalistda hamisha “uchinchi ko‘z” ochiq bo‘lishi kerak. Ya’ni, shoirlar aytgani kabi ijodkor oddiy oq qog‘ozdan gul undira olishi zarur. Jurnalist ikkita ko‘zda ko‘ra olmagan haqiqatlarni o‘zining uchinchi ko‘zi bilan ko‘rishi kerak. Bu, albatta, majoziy ma’noda. Bu degani jurnalist tirishqoq, o‘z ustida muntazam ishlashi, shu bilan birga, xalqparvar, haqiqatgo‘y bo‘lishi shart.
– Sizningcha, haqiqiy va jonkuyar jurnalist qanday bo‘lmog‘i lozim?
– Ustozimiz Ahmadjon Meliboyev “jurnalistda jasorat, mahorat hamda bashorat bo‘lishi lozim, mana shu uchtasi birlashganida haqiqiy professional jurnalist sahnaga chiqadi”, deb ko‘p ta’kidlar edilar. Bu haq gap! Tajriba, ilmiy izlanish va pedagogik faoliyatimiz davomida qayta-qayta shunga amin bo‘ldikki, haqiqatda jurnalistda agar jasorat bo‘lmasa, “bu xabarni yetkazsam kimdir menga tahdid qiladi”, degan qo‘rquv bilan yashaydi. Bu, albatta, noto‘g‘ri. Birinchi navbatda, jurnalistda yozish ko‘nikmasi bo‘lishi va keng fikrlashi shart.
Yoza olmagan jurnalistdan professionallikni kutish qiyin. Jurnalistik mahorat bo‘lishi uchun, avvalo, juda ham ko‘p kitob o‘qishi kerak. Kitobni shunchaki o‘qish emas, uni anglash zarur.
Bundan tashqari, bashorat – agar jurnalistda vaziyatni oldindan ko‘ra olish qobiliyati bo‘lsa, u hech qachon o‘zi jamoatchilikka taqdim qilgan axborotida hadik va qo‘rquv sezmaydi. Xuddi mana shu uch ustundan biri bo‘lmasa, jamiyatdagi muammolar olib chiqiladi-da, aslo yechimi topilmaydi va aholi kimga ishonib, nima qilishni bilmay qoladi. Mana shuning uchun jurnalistdan jasorat, mahorat va bashorat talab qilinadi.
Muxtasar aytganda, jurnalistlar taqdim qilayotgan ma’lumotlarga o‘zi ishonmas ekan, jamoatchilikni ham ishontira olmaydi. Bugungi kunda tezkorlik avj olgan davrda “xabarlarni tezkor yetkazishim kerak” deb tekshirilmagan ma’lumotlarni ommaga olib chiqish ham jurnalist degan nomga dog‘ tushiradi. Shu sababli, har bir axborotni avval tekshirib, so‘ngra tahlil qilib, keyin jamoatchilikka yetkazish maqsadga muvofiq. Har bir yosh jurnalist o‘zida katta mas’uliyatni his qilishi shart!
Muhammadqodir Yasinov suhbatlashdi,
O‘zA