“GSP+”ning O‘zbek to‘qimachilik sanoati uchun ahamiyati
“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasida jurnalistlar ishtirokida o‘tkazilgan brifingda GSP (Umumlashtirilgan imtiyozlar tizimi)ning mohiyati xususida ma’lumot berildi.
“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining muhim qadamlardan biri 2017 yilda O‘zbekiston Evropa Ittifoqi bilan «to‘qimachilik protokoli»ning ratifikatsiya qilinishi bo‘lgan. Ushbu protokolga muvofiq, O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati tovarlarini Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga eksport qilishda bojxona to‘lovlarini sezilarli darajada pasaytirish ko‘zda tutilgan edi. Agar ilgari o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlariga Yevropa Ittifoqining bojxona hududiga kirishda 17 foiz miqdorida soliq solinadigan bo‘lsa, protokol shartlariga kura to‘lovlar 6 foizga tushadi.
– Hozirga qadar O‘zbekistonda Yevropa Ittifoqiga 3000 ta tovarni bojxona to‘lovisiz va 3200 ta mahsulotni pasaytirilgan stavkalar bilan eksport qilish imkonini beradigan GSP rejimidan foydalanilgan, – dedi “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Davron Vahobov. – GSP maqomiga ko‘ra, O‘zbekistondan keladigan to‘qimachilik mahsulotlarining bojxona stavkalari 4 dan 12 foizgacha hisoblanadi.

Ma’lumot uchun: GSP (Umumlashtirilgan imtiyozlar tizimi)ning mohiyati rivojlanayotgan mamlakatlarda ishlab chiqariladigan va rivojlanayotgan mamlakatlar tomonidan rivojlangan mamlakatlarga olib kiriladigan tovarlarning ayrim turlari uchun tarif stavkalarini pasaytirish yoki bekor qilishdan iborat.
– Ushbu maqomni olish uchun O‘zbekiston inson va mehnat huquqlariga oid 27 ta asosiy xalqaro konvensiyalarga rioya qilish, shu jumladan paxta yig‘im-terimida bolalar va majburiy mehnatni yo‘q qilish, atrof-muhitni muhofaza qilish va boshqaruv qoidalariga rioya qilish doirasida juda katta ishlarni amalga oshirdi, deydi “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisi Ilhom Haydarov.
– Shu bilan bir qatorda Yevrokomissiya vakillari bilan muzokaralar olib borildi. Natijada Yevropa tomoni Umumiy imtiyozlar tizimining «GSP+»dan foydalanuvchi maqomini olish uchun zarur bo‘lgan barcha 27 xalqaro konvensiya va bitimlarning O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilinishi yakunlaganini bildirishdi. Nihoyat, joriy yilning 30 noyabrida ushbu maqomni olish uchun O‘zbekiston tomonining arizasini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini tasdiqladi.

GSP+ O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati uchun qanday imkoniyatlarni taqdim etadi?
GSP+ tizimi taqdim etilib va joriy qilingandan so‘ng o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar va eksportchilar o‘z mahsulotlarini Yevropa bozoriga eksport qilishda bir tomonlama tarif imtiyozlaridan foydalanishni boshlashlari mumkin. Shu bilan birga, mahalliy ishlab chiqaruvchilar Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga eksport qilishlari mumkin bo‘lgan tovarlarning soni 6200 taga ko‘payadi.
“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi rahbariyatining ta’kidlashicha, GSP+ tizimi joriy qilingandan so‘ng Yevropa mamlakatlaridan O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati bilan hamkorlikka qiziqishi ortadi. Shuningdek, GSP+ maqomi o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlari raqobatbardoshligini ham oshiradi.