Gruziya bilan turizm sohasida hamkorlik
Samarqand shahrida O‘zbekiston–Gruziya birinchi turizm forumi bo‘lib o‘tdi.
Forum ochilishida O‘zbekiston Respublikasi turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sanjar Tojiyev, Gruziya turizm assotsiatsiyasi raisi Natali Kvachantiradze so‘zga chiqib, turizm sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan mazkur forum O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi sayyohlik aloqalarini mustahkamlash, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda sayyohlar oqimini ko‘paytirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

– Bugungi forum Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 2-3-iyul kunlari Gruziyaga amalga oshirgan davlat tashrifi davomida erishilgan muhim kelishuvlar natijasi sifatida tashkil etildi, – deydi turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sanjar Tojiyev. – Tadbirda ikki davlat turizm sohasi mas’ullari, tadbirkorlar va turistik kompaniyalar vakillari ishtirok etmoqda. Ikki tomonda ham madaniy, ziyorat, gastronomik, ekoturizm va MICE turizmi yo‘nalishlarida katta imkoniyat mavjud. Shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni rivojlantirish, turoperatorlar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish va media-turlar tashkil etish orqali davlatlarimiz o‘rtasida sayyohlar oqimini ko‘paytirishni maqsad qilganmiz. Forum aniq kelishuvlar va amaliy loyihalarga aylanib, O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasida turizm sohasida uzoq muddatli hamkorlikka xizmat qiladi.


Forumda taqdimotlar o‘tkazilib, O‘zbekiston va Gruziyaning turistik salohiyati haqida ma’lumotlar berildi. Turistik mahsulotlarni targ‘ib qilish, yangi sayyohlik yo‘nalishlarini shakllantirish, turistik kompaniyalar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Soha sub’ektlari o‘rtasida B2B uchrashuvlar tashkil etildi.

Gruziya turizm sohasi vakillari Samarqand xalqaro turizm markazi va boshqa ob’ektlarda bo‘lib, viloyatning sayyohlik imkoniyatlari bilan bevosita tanishdi.
G‘.Hasanov,
O‘zA muxbiri