Grenlandiya atrofidagi mojaro Yevropaga qanday ta’sir ko‘rsatadi? (+video)
Yevropa parlamenti AQSH bilan tuzilgan savdo kelishuvini ratifikatsiya qilishni to‘xtatib turadigan bo‘ldi. Bu Grenlandiyaning suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlayotgan sakkizta Yevropa mamlakatiga nisbatan boj qo‘llash haqidagi Tramp tahdidlaridan keyin yuz berdi, deb xabar qildi Euronews.
Kelishuvda AQSHning sanoat mahsulotlariga qo‘yilgan bojlarni bekor qilish nazarda tutilgan va bu bo‘yicha ovoz berish yaqin kunlarda o‘tkazilishi kerak edi. Bunga javoban, Vashington Yevropa Ittifoqidan AQSHga eksport qilinadigan mahsulotlar uchun avvalgidan pastroq, ya’ni15 foizlik yig‘im joriy etishga rozi bo‘lgan edi.
Shanba kuni AQSH prezidenti Donald Tramp Grenlandiya bo‘yicha uning rejalarini qo‘llab-quvvatlamayotgan sakkizta Yevropa mamlakatiga nisbatan yangi bojlar joriy etish bilan tahdid qildi.
Gap ushbu davlatlar mahsulotlariga qo‘shimcha 10 foizlik yig‘im haqida bormoqda. Agar ular yetakchilari 1 iyunga qadar o‘z pozitsiyalarini o‘zgartirmasa, bu ko‘rsatkich 25 foizgacha oshirilishi mumkin.
Tramp, shuningdek, Norvegiya bosh vaziri Yonas Gar Styorega maktub yo‘llab, Daniya qirolligiga tegishli Grenlandiya kabi hududlarni ehtimoliy egallab olish masalasiga to‘xtalib, endi faqat tinchlik haqida o‘ylashga majbur emasligini bildirgan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Dd0eHwHj3ck" title="Grenlandiya atrofidagi mojaro Yevropaga qanday ta’sir ko‘rsatadi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA