Chet elda hurmatga sazovor, biroq o‘z yurtida tanqidga uchragan yetakchilar
Xalqaro siyosat maydonida qiziq holat ko‘p kuzatilmoqda: chet elda islohotchi va uzoqni ko‘ra oladigan lider sifatida baholanadigan rahbarlar, o‘z mamlakatida ishonchsizlik va norozilikka duch kelmoqda. Euronews nashri bunga bir nechta misollar keltirdi.
Jahon siyosatida shunday qonuniyat bor: yetakchi xalqaro maydonda qanchalik faol bo‘lsa, davlatni o‘zgartirishga qanchalik qattiq kirishsa, u shunchalik o‘z mamlakatida ommaviy qo‘llab-quvvatlovni yo‘qota boshlaydi.
Chet elda ularni uzoqni ko‘ra biladigan rahbar, islohotchi, kelajakni qurishga harakat qilayotgan inson deb ko‘rishadi. Lekin, o‘z xalqi ko‘pincha ularni qiyinchilik olib kelayotgan, odatiy hayotni buzgan, sabr va qurbonlik talab qilayotgan rahbar sifatida qabul qiladi.
Shu tariqa tashqi e’tirof va ichki noroziliko‘rtasida katta farq paydo bo‘ladi, bu esa zamonaviy siyosatning asosiy xususiyatlaridan biriga aylangan.
Fransiyada bu holatni Emmanuel Makron misolida ko‘rish mumkin. Chet elda uni Yevropani modernizatsiya qilishga harakat qilayotgan yetakchi sifatida ko‘rishadi. U Yevropa xavfsizligini kuchaytirish, iqtisodni isloh qilish va iqlim masalalarida faol.
Masalan, Yerevandagi sammitda Makron juda iliq kutib olindi, uning tashrifi Armanistonni qo‘llab-quvvatlash ramzi bo‘ldi, deyish mumkin.
Ammo, Fransiya ichida uning siyosatlari negadir norozilik, adolatsizlik hissi va ishonchsizlikka sabab bo‘lmoqda. Lekin, xalqaro hamkorlari uning ishlarini Yevropa kelajagi uchun muhim deb biladi. Fransuz jamiyati azaldan ijtimoiy tizimni o‘zgartirishga odatda og‘riqli munosabat bildiradi.
Armanistonda Nikol Pashinyan og‘ir davrda mamlakatni boshqarayotgan rahbar sifatida baholanadi. U demokratiya, armiya islohoti, Yevropa bilan yaqinlashuv va Ozarbayjon bilan tinchlikka erishishga harakat qilmoqda.
Lekin, mamlakat ichida bu siyosatlarga kuchli qarshilik bor. Bunda Rossiyaga yaqin bo‘lgan eski elitalar katta rol o‘ynaydi. Ular biznes, OAV vadavlat tizimlarida hali ham ta’sirga ega va jamoatchilik fikrini shakllantirishga harakat qiladi. Natijada Yevropa tomonga tashlangan qadamlar “xiyonat”, tinchlik tashabbuslari esa “taslim bo‘lish” deb qabul qilinadi.
Bu holat boshqa davlatlarda ham kuzatilgan. Masalan, Germaniyada Angela Merkel migratsiya siyosati tufayli chet elda hurmat qozondi, lekin mamlakat ichida tanqidga uchradi. Buyuk Britaniyada Toni Bler xalqaro diplomatiyada hurmat qozongan bo‘lsa, Iroq urushi sabab “o‘z uyida” ishonchni yo‘qotdi.
Gruziyada Mixail Saakashvili misolida keskin islohotlar qilish xalqaro e’tirofga olib kelish bilan birga, mamlakat ichkarisida kuchli noroziliklar keltirib chiqarishi mumkinligini ko‘rsatdi. Keyinchalik siyosiy va moliyaviy aloqalari Moskva bilan yaqin bo‘lgan Bidzina Ivanishvili ta’sirida Gruziya siyosati Rossiyaga yaqinlashdi va jamiyatda bo‘linishni kuchaytirdi.
Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo chet elda liberal islohotlar, iqlim siyosati va ko‘p madaniyatlilik tarafdori sifatida tanildi. Ammo Kanada ichida iqtisodiy muammolar, siyosiy janjallar va ayrim hududlar noroziligi sabab uning obro‘si pasaygan.
Masalan, Janubiy Koreya, Italiya va Ukraina misollari ham shuni ko‘rsatadi. Chunki, islohotlar har doim og‘riqli bo‘ladi, ta’sirli qatlam esa o‘z manfaatini himoya qilish uchun norozilikni kuchaytiradi.
Shu sababli chet elda “jasur islohotchi” deb baholangan lider, o‘z mamlakat ichida tanqidga uchraydi. Chunki, chet davlatlar kuzatuvchi sifatida uzoq muddatli reja natijalarini ko‘radi, xalq esa “o‘z tanasida” uning narxini his qiladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/aYRAafvNIAs" title="Chet elda hurmatga sazovor, biroq o`z yurtida tanqidga uchragan etakchilar" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Iskandar Ismatov, O‘zA