G‘oliblar taqdirlandi
Nukusda xotin-qizlarni ommaviy sportga keng jalb etish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan “Ayollar sport olimpiadasi” musobaqasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda shahar va tuman bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 200 nafardan ortiq xotin-qiz ishtirok etdi.
Musobaqaning ochilishida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari – Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Maryam Ahmedova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sport vaziri Yerkinbay Qutibayev ishtirok etib, bugungi kunda ayollar sportiga bo‘lgan e’tiborni alohida ta’kidlab, ishtirokchilarga kelgusi musobaqalarda omad tiladi.
Mahallalardagi 18-30 va 30 yoshdan yuqori xotin-qizlar sportning yengil atletika, shaxmat, shashka va stol tennisi turlaridan o‘z mahoratlarini namoyish etdi.
[gallery-29253]
Qizg‘in bellashuvlarga boy bo‘lgan musobaqa yakunida g‘oliblar aniqlandi. Stol tennisi bo‘yicha 18-30 yoshdagilar o‘rtasida Nukus shahridan Gulxan Jalgasbayeva, 30 yoshdan yuqorilar o‘rtasida Amudaryo tumanidan Dilshoda Radjapova, shashka bo‘yicha 18-30 yoshdagilar o‘rtasida Nukus shahridan Gulsanam Qurbonboyeva, 30 yoshdan yuqorilar o‘rtasida Chimboy tumanidan Zulfiya Xoshimuratova, shaxmat bo‘yicha 18-30 yoshdagilar o‘rtasida Chimboy tumanidan Ayzada Sarsenbayeva, 30 yoshdan yuqorilar o‘rtasida To‘rtko‘l tumanidan Amina Nurjanova birinchi o‘rinni egalladi.
Yengil atletika bo‘yicha 60 metr masofaga yugurishda 18-30 yoshdagilar o‘rtasida Qorao‘zak tumanidan Gulzod Alpisbayeva, 30 yoshdan yuqorilar o‘rtasida Qo‘ng‘irot tumanidan Manzura Ismoilova, 100 metr masofaga yugurishda 18-30 yoshdagilar o‘rtasida Chimboy tumanidan Periyzat Qutlimuratova, 30 yoshdan yuqorilar o‘rtasida Xo‘jayli tumanidan Davlatbeka Jaqsimuratova, 200 metr masofaga yugurishda 18-30 yoshdagilar o‘rtasida Shumanay tumanidan Aysha Jumanbetova, 30 yoshdan yuqorilar o‘rtasida Amudaryo tumanidan Gulxan Matkurbanova birinchi o‘rinlarni egalladi.
G‘olib va faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. G‘oliblikni qo‘lga kiritgan xotin-qizlar endilikda mamlakatimiz bosqichida ishtirok etadi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.