Global energetika inqirozi xavfi oshmoqda
Eron atrofidagi keskinlashuv Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan global bozorga neft va suyultirilgan tabiiy gaz yetkazib beriladigan asosiy yo‘nalish – Hurmuz bo‘g‘ozi qamal qilinishiga olib keldi. Bu neft eksporti va ishlab chiqarishga bevosita ta’sir ko‘rsatdi. Oqibatda aksariyat mamlakatlar yonilg‘i va sanoat mahsulotlari narxi o‘sishiga duch keldi.
Yuzaga kelgan global energetika inqirozi yoz mavsumida shamollatgich ishlatilishi va sayohatga ehtimoliy talab o‘sishi oldidan yangi bosqichga kirishi kutilmoqda. Hozir qariyb 80 mamlakat o‘z iqtisodiyotini himoya qilish uchun favqulodda chora joriy etgan, deb yozdi “Financial Times” nashri.
– AQSH va Isroilning Eron bilan urushi tufayli yuzaga kelgan energiya inqirozi yangi, yanada xavfli bosqichiga kirdi, – deyilgan maqolada. – Shu bois 80 ga yaqin mamlakat o‘z iqtisodiyotini himoya qilish uchun favqulodda chora joriy qildi. Shimoliy yarim sharda yoz boshlanib, shamollatgich hamda sayohatga talab ortgach, xom neft, benzin, dizel va reaktiv yonilg‘i zaxirasiga qo‘shimcha bosim yuzaga keladi.
Qolaversa, Prezident Donald Trampning 40 milliard dollarlik rejasi dengiz eskorti yetishmovchiligi tufayli muvaffaqiyatsizlikka uchragan.

Tramp Hurmuzdan o‘tadigan kemalarga sug‘urta taqdim etishini e’lon qilib, shu maqsad uchun 40 milliard dollarlik reja tuzilganini aytgan. Oradan ikki oy o‘tdi hamki, dastur amalga oshgani yo‘q.
Amerika hukumati ushbu loyihaga “Chubb” va AIG sug‘urta kompaniyalarini jalb qilgan. Binobarin, ikki manbaga ko‘ra, sug‘urta stavkasi urushdan oldingi darajadan bir necha barobar yuqori bo‘lishiga qaramay, dastur hamon qo‘llanmagan. Brokerlar aytishicha, bunday tizim hech qachon ishlamagan, chunki bo‘g‘ozdan o‘tayotgan kemalar uchun qo‘yilgan talablarga javob bera olmagan va hali tashkil etilmagan AQSH dengiz floti eskortiga bog‘liq edi.
“Aberdeen” kompaniyasi bosh iqtisodchisi Pol Diggle aytishicha, uning jamoasi hozir “Brent” navli neftning narxi bir barrel uchun 180 dollargacha ko‘tarilgani, Yevropa va Osiyoning qator mamlakatlarida inflyatsiya va retsessiya keskin o‘sishi ehtimoli yuqoriligi xususidagi taxminlarni tahlil qilmoqda.
Inqirozning oldini olish yoki hech bo‘lmaganda xavfni biroz yumshatish mumkinmi?
Ayni payt neft va gaz mahsulotlarini jahon bozoriga yetkazib berishning turli yo‘llari ko‘rib chiqilayotgani ushbu masalaga oydinlik kiritishi mumkin.
So‘nggi xabarlarga ko‘ra, ayni payt yirik kompaniyalar yonilg‘i tashish uchun yuk mashinalaridan foydalana boshlagan.

Qolaversa, Shanxay-Fors ko‘rfazi va Qizil dengiz yo‘nalishidagi yuk tashish tarifi shu hafta COVID-19 pandemiyasi davridagi darajadan ham o‘tib, rekord darajaga yetgan.
“Clarksons Research” ma’lumoti esa ushbu yo‘nalishdagi standart konteynerda dengiz orqali yuk tashish 980 dollardan 4131 dollargacha ko‘tarilganini tasdiqlaydi.
– O‘rta yer dengizi orqali harakatlanadigan “Mediterranean Shipping Company”, “Maersk”, CMA-CGM va “Hapag-Lloyd” kabi asosiy yuk tashish kompaniyalari Qizil dengiz va O‘mon ko‘rfazi portlari jumladan Saudiya Arabistonidagi Yanbu va Qirol Abdulloh hamda BAAdagi Fujayra portidan Saudiyadagi Dammam, Iroqdagi Basra va BAAdagi yirik mintaqaviy markaz hisoblangan Jebel Ali portlariga yuk tashish yo‘nalishlarini ochdi, – deyilgan nashr tarqatgan axborotda.

“Maersk” bosh direktori Vinsent Klerk tashish uchun juda ko‘p yuk mashinalari safarbar qilinganini aytdi. Saudiya va Iroq Iordaniya va Turkiya mashinalari kirishiga ruxsat bergan. Ta’kidlanishicha, yuk avtomobillari Hurmuz orqali ko‘rfaz davlatlariga xizmat ko‘rsatgan yirik konteyner va yuk kemalari sig‘imini faqat qisman qoplay oladi. Londonda joylashgan noma’lum yuk tashish brokeri don savdosi kompaniyalari yukni Qizil dengiz va O‘mon orqali qayta yo‘naltirayotgani va keyin yuk mashinalari va kichik kemalar orqali tashilayotganini qo‘shimcha qilgan.
– Fujayra va Xor Fakkanga yetib kelayotgan don miqdori ko‘paydi, – deya brokerning so‘zlaridan iqtibos keltirgan gazeta. Bu yuk BAAning yirik portlariga mashinada tashiladi va so‘ngra kichik kemalarda Qatar, Bahrayn va boshqa Fors ko‘rfazi mamlakatlariga yetkaziladi.
S.Rahimov, O‘zA