Tibbiyot xabarlari
“El-yurt umidi” jamg‘armasida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar yuqori malakali kadrlar tayyorlash, onkologiya sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish istiqbollarini muhokama qildi. Ta’kidlanishicha, markaz Fransiya, Yevropa va Osiyoning yetakchi tibbiyot muassasalari, jumladan, dunyoning eng nufuzli onkologiya markazlaridan biri — Gyustav Russi (Gustave Roussy) instituti bilan hamkorlikni faol rivojlantirib kelmoqda.
Rahbar xodimlarning malakasini oshirish, shifokor va hamshiralar uchun xorijiy stajirovkalarni tashkil etish, shuningdek, tibbiyot muassasalarini boshqarishning zamonaviy yondashuvlarini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Jamg‘arma ijrochi direktori Gulnoza Ismailova Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi xodimlarining magistratura, qo‘shma ta’lim va xorijdagi maqsadli stajirovka dasturlarini qo‘llab-quvvatlashga hamda ta’lim dasturlari va mahorat darslarini o‘tkazish uchun yetakchi xorijiy mutaxassislarni O‘zbekistonga jalb qilishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar kadrlar salohiyatini yuksaltirish, xalqaro aloqalarni mustahkamlash va aholiga onkologik yordam ko‘rsatish sifatini oshirishga qaratilgan hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib oldi.
***
Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bolalar jamg‘armasi (UNICEF)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rehina Mariya Kastijio bilan uchrashdi.
Uchrashuvda ta’kidlanganidek, UNICEF bilan hamkorlikda mamlakatimizda ona va bola salomatligini muhofaza qilish, immunoprofilaktika tizimini takomillashtirish, sohada raqamli texnologiyalarni joriy etish kabi yo‘nalishlarda qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, jamg‘arma ko‘magida yurtimizda vaksinalarni saqlash va yetkazib berish tizimi to‘liq modernizatsiya qilindi.
So‘nggi uch yil davomida ona va bola salomatligini asrash hamda neonatal xizmatni takomillashtirishga qaratilgan salmoqli ishlar bajarildi. Xususan, 231 ta tug‘uruq muassasasi 23 turdagi 7 mingdan ortiq zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlandi. 80 ming nafardan ortiq tibbiyot xodimining malakasi oshirildi. 29 ta akusher-ginekologik hamda yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni parvarish qilish bo‘yicha milliy protokol yangilandi. 4 million nafardan ziyod onalar va bolalar sifatli tibbiy xizmatlar bilan qamrab olindi.
Muloqot davomida kelgusida pediatriya xizmatini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratish maqsadga muvofiq ekani aytib o‘tildi.
Bundan tashqari, UNICEF va Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining holati va aholiga xizmat ko‘rsatish darajasini baholash ishlari yakunlandi. Bunda 400 ta muassasa qamrab olinib, ulardagi infratuzilmadan boshlab, inson resurslarigacha batafsil o‘rganib chiqildi.
Yig‘ilish yakunida to‘plangan ma’lumotlarni birgalikda tahlil qilish va kelgusida ushbu muassasalarni har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma chora-tadbirlarni ishlab chiqishga kelishib olindi.
***
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tashabbusi bilan sohadagi dolzarb masalalarga bag‘ishlangan onlayn yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi, «CRPT Turon» MCHJ, Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-ombudsman) devoni vakillari hamda dori vositalarining ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar ishtirok etdi.
Muloqot davomida ortiqcha to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) qaytarish mexanizmini yanada takomillashtirish, dori vositalarini raqamli markirovkalash jarayonidagi muammolar hamda MXIK (Mahsulotlar va xizmatlarning identifikatsiya kodi) kodlarini rasmiylashtirish tartibi atroflicha muhokama qilindi.
Yig‘ilishda referent narx belgilangan dori vositalarini tasdiqlangan qiymatdan yuqori narxlarda sotishga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy ta’kidlandi. Ushbu talablar ijrosini ta’minlash maqsadida Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan elektron hisobvaraq-fakturalar hamda onlayn nazorat-kassa texnikalarida tegishli validatsiya (to‘g‘rilikni tekshirish) mexanizmlari joriy etilgani ma’lum qilindi.
Shu bilan birga, 2026-yil 1-apreldan boshlab taxminan 2500 nomdagi retsept bo‘yicha beriladigan dori vositalari uchun referent narxlar qayta ko‘rib chiqilib, pasaytirilgani eslatib o‘tildi. Mazkur yangi narxlar 2026-yil 1-iyundan – ulgurji savdo sub’ektlari uchun, 2026-yil 1-iyuldan – dorixonalar uchun amal qiladi.
Muloqot chog‘ida tadbirkorlar tomonidan bildirilgan murojaat va takliflar yuzasidan mas’ul davlat organlari va tashkilotlar vakillari batafsil tushuntirishlar berdi.
Uchrashuv yakunida davlat organlari va biznes vakillari o‘rtasidagi ochiq muloqotni yanada mustahkamlash, sohadagi mavjud muammolarni tezkor hal etib borish maqsadida bu kabi tadbirlarni muntazam tashkil etishga kelishib olindi.
***
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazida muassasa direktori Alisher Temirov boshchiligida rahbariyat, tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari hamda markaz xodimlari ishtirokida ijro intizomi, tashkiliy faoliyat samaradorligi va mavjud kamchiliklarni bartaraf etish masalalariga bag‘ishlangan tanqidiy-tahliliy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda faoliyat davomida aniqlangan qonunbuzilishlar va kamchiliklar atroflicha muhokama qilinib, ularning kelib chiqish sabablari tahlil etildi.
Ta’kidlanganidek, ayrim yo‘nalishlarda ishlarning talab darajasida yo‘lga qo‘yilmagani, tashkiliy va nazorat mexanizmlarining yetarli darajada ishlamagani qator kamchiliklarga sabab bo‘lgan. Shuningdek, qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati mansabdor shaxslar va xodimlar tomonidan yetarli darajada o‘zlashtirilmagani, ularni jamoa o‘rtasida tushuntirish va targ‘ib qilish ishlari sust tashkil etilgani aytildi.
Har bir rahbarning shaxsiy mas’uliyati va javobgarligi alohida ta’kidlanib, tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari tomonidan mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tezkor, qat’iy va samarali choralar ko‘rilishi zarurligi qayd etildi. Shuningdek, davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar, ijro intizomini mustahkamlash, mas’uliyat va talabchanlikni oshirish, tizimda ochiqlik hamda samaradorlikni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri ekani alohida urg‘ulandi.
Yig‘ilish yakunida aniqlangan kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish, nazorat mexanizmlarini kuchaytirish, xodimlarning huquqiy savodxonligini oshirish hamda har bir rahbarning shaxsiy javobgarligini yanada kuchaytirishga qaratilgan aniq topshiriqlar berildi.
***
Davlatimiz rahbarining "Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va mehr-saxovat tadbirlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida"gi qarori doirasida yurtimizda keng ko‘lamli xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yil 24-iyun soat 17:00 holatiga ko‘ra 2 488 nafar bemor bola tibbiyot muassasalariga yotqizilib, ularning 1 773 nafarida yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. 767 nafar onkologik, gematologik va onkogematologik tashxis qo‘yilgan bemor tibbiyot muassasalariga joylashtirilib, ularning 181 nafarida murakkab jarrohlik operatsiyasi bajarildi; 88 nafar shaxs tibbiyot muassasalariga yotqizildi va ularning 32 nafarida jigar va buyrak transplantatsiyasi amalga oshirildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA