Giyohvandlik va unga qarshi kurash masalalari keng muhokama qilindi
Guliston davlat universitetida “Jamoat salomatligini muhofaza qilishda giyohvandlikka qarshi kurash: tibbiy-profilaktik yondashuvlar va innovatsion yechimlar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirda giyohvandlikning oldini olish, uning jamiyatga salbiy ta’sirini kamaytirish hamda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishga qaratilgan masalalar keng muhokama etildi.
Anjuman ochilishida so‘zga chiqqan Guliston davlat universiteti rektori, texnika fanlari doktori, professor Muhsin Xodjiyev bugungi kunda giyohvandlikning global tahdid sifatida inson salomatligi, ijtimoiy barqarorlik va ma’naviy muhitga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, profilaktik ishlarni kuchaytirish va ilmiy yondashuvlarga asoslangan kurash mexanizmlarini joriy etish muhim ekani qayd etildi.
Universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Dilmurod Eshmurodov moderatorligida o‘tkazilgan yalpi majlisda mutaxassislar giyohvandlikning kelib chiqish sabablari, uning tibbiy va psixologik oqibatlari, jamiyatga ta’siri hamda uning oldini olishga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlar yuzasidan fikr almashdilar. Shuningdek, ta’lim muassasalarida profilaktik ishlar samaradorligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
[gallery-29807]
Muhokamalar jarayonida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalangan holda xavf guruhlarini aniqlash, monitoring tizimlarini takomillashtirish, shuningdek, xalqaro tajribalarni amaliyotga tatbiq etish masalalari ham ko‘tarildi. Shu bilan birga, tibbiyot, ta’lim va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Anjuman ishtirokchilari tomonidan giyohvandlikka qarshi kurashda ilmiy asoslangan yondashuvlarni keng joriy etish, yoshlarni zararli odatlardan asrash va sog‘lom jamiyatni shakllantirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA