“Gilos sayli” an’anaga aylanadi
Farg‘onada nima ko‘p, sayillar ko‘p. “O‘rik guli” sayli yaqindagina odatga kirdi. Endigi navbat “Gilos sayli”ga.
Quva tumanida 6,5 ming gektar mevali bog‘ bor va uning 1,2 ming gektari intensiv bog‘lardir. Shu kunlarda tumandagi 38 ta eksportyor korxona tomonidan 11 ta davlatga gilos va o‘rik eksporti amalga oshirilyapti. E’tiborlisi, bu yil ilk bor AQSH, Yaponiya, Janubiy Koreya yirik savdo tarmoqlarida Quva giloslari xaridorgir mahsulotga aylandi.


2025-yilda Farg‘ona viloyatida yetishtirilgan meva-sabzavotlar dunyoning 60 dan ortiq davlatiga eksport qilingan edi. Birgina gilos eksporti hajmi 29,8 million AQSH dollarini tashkil etgan. Shundanmi, viloyatda, hususan, Quvada yangi giloszor bog‘lar ko‘paydi. 2-3 yil avval tashkil etilgan intensiv giloszorlar bu yil mevaladi. Demak, gilos eksporti yanada ko‘payadi.


Yangi bog‘lar sabab, Quva adirlaridagi giloszorlarda xalqaro “Gilos sayli” festivali tashkil etildi. Viloyat hokimligi hamda mutasaddi tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari, tadbirkorlar, sayyohlar va keng jamoatchilik ishtirok etdi.

Festivalni ochib bergan viloyat hokimining o‘rinbosari Xurshidjon Ahmedov yangidan tashkil etilgan sayilning ahamiyati, uning agrar sohani rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirishdagi o‘rni haqida gapirdi.

“Gilos sayli” ishtirokchilariga uni yetishtirishning zamonaviy agrotexnologiyalari bo‘yicha tanishuv sayohati o‘tkazildi.
Festival doirasida turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, faol ishtirokchilar taqdirlandi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA