Germaniya bilan hamkorlik aloqalari kuchaymoqda
Navoiy shahrida O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida mehnat migratsiyasi, professional ta’lim va malaka oshirish sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida “Migratsiya, professional ta’lim va malaka oshirish” mavzusida xalqaro forum bo‘lib o‘tdi.
Bugungi globallashuv sharoitida mehnat bozori talablari tobora o‘zgarib, mamlakatlar oldiga inson kapitalini rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash va aholining raqobatbardoshligini oshirish vazifasini qo‘ymoqda. Bu borada professional ta’lim, kasbiy ko‘nikmalar va xalqaro hamkorlik muhim ahamiyat kasb etadi.

Forumda Germaniya iqtisodiyotining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi – German Industry and Commerce Uzbekistan (GIC Uzbekistan) boshchiligida Germaniyaning yetakchi kompaniya va tashkilotlari ishtirok etdi. Mazkur kompaniya va muassasalar Germaniyada professional ta’lim, kasbga tayyorlash, malaka oshirish va mehnat bozori uchun kadrlar tayyorlash sohasida katta tajribaga ega.

Forum doirasida Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov Germaniya delegatsiyasi vakillari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, aholini zamonaviy va talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish, malaka oshirish tizimini takomillashtirish hamda Germaniya mehnat bozori uchun raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Muzokaralar davomida ikki tomon o‘rtasida ta’lim sohasidagi aloqalarni kengaytirish, qo‘shma dasturlarni amalga oshirish, ta’lim muassasalari va ish beruvchilar hamkorligini kuchaytirish hamda xalqaro standartlarga mos kadrlar tayyorlash bo‘yicha fikr almashildi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida mehnat migratsiyasi sohasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu esa yoshlar uchun qonuniy va xavfsiz mehnat migratsiyasi imkoniyatlarini kengaytirish bilan birga, mamlakat iqtisodiyoti uchun zarur bo‘lgan malakali kadrlar tayyorlashga ham xizmat qilmoqda.

Uchrashuvda tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma ta’lim loyihalarini yo‘lga qo‘yish va yangi tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.
Forum doirasida Germaniyaning 12 ta kompaniyasi vakillari hamda Navoiy viloyatidagi 27 ta texnikum, shuningdek, Navoiy davlat universiteti, o‘quv markazlari vakillari ishtirokida B2B formatidagi uchrashuvlar tashkil etildi.

Tomonlar talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha kadrlar tayyorlash, ta’lim dasturlarini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, amaliy mashg‘ulotlar ulushini oshirish, o‘qituvchilarning malakasini yuksaltirish va talabalar amaliyotini tashkil etish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuvlar davomida bir qator ta’lim muassasalari va Germaniya kompaniyalari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishilib, ikki tomonlama memorandum imzolandi.
Forumda Germaniya kompaniyalari vakillarining Migratsiya agentligining Navoiy hududiy filialida bepul nemis tili kurslarida tahsil olayotgan yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Unda nemis tilini o‘rganayotgan fuqarolar, xalqaro til sertifikatlariga ega yoshlar hamda Germaniyada ta’lim olish yoki mehnat faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan ishtirokchilar qatnashdi.
Uchrashuv davomida Germaniya kompaniyalari vakillari o‘z tashkilotlari faoliyati, mehnat bozoridagi ehtiyojlar, ishga qabul qilish tartiblari va kasbiy tayyorgarlik dasturlari haqida ma’lumot berdi.
Forum yakunida Germaniya delegatsiyasi a’zolari “Navpromlitmash” korxonasiga tashrif buyurdi.
Korxonada mehmonlarga joriy etilgan dual ta’lim tizimi va uning amaliy natijalari, o‘quv-amaliyot jarayonlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Eng muhimi, mazkur forum ta’lim muassasalari, ish beruvchilar va yoshlar uchun foydali bo‘ldi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri