Germaniya bilan antidoping sohasida hamkorlik mustahkamlanmoqda
O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi Germaniyaning Kyoln laboratoriyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Xo‘sh, mazkur hamkorlik mamlakatimiz sport harakatiga, umuman yurtimizda halol sportni targ‘ib etish, Vatanimiz sharafini xalqaro maydonlarda himoya qiladigan sportchilarimizga qanday imkoniyat va qulayliklarni taqdim etadi?
Aytish lozim, Kyoln laboratoriyasi Xalqaro antidoping agentligi (WADA) tomonidan birinchilar qatorida akkreditatsiyalangan hamda uzoq muddat davomida sportchilarning biologik pasportlari bilan ishlash va ularni baholash orqali maqsadli doping nazoratini amalga oshirish sohalarida faoliyat olib borayotgan ilmiy va innovatsion laboratoriya hisoblanadi.

Ma’lumki, davlatimiz rahbarining “Ma’muriy islohotlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi faoliyatini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, agentlik antidoping sohasini rivojlantirish yo‘lida mahalliy va xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik aloqalarini mustahkamlashi belgilangan.
Shu maqsadda, joriy yil iyun oyida O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Sport vazirligi vakillaridan iborat ishchi guruh Germaniyada antidoping qonunchiligi va amaliy tajriba bilan tanishib, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishgandi.
Ushbu tashriflar natijasi o‘laroq, O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi hamda Germaniya sport universiteti huzuridagi Bioximiya instituti va WADA tomonidan akkreditatsiyalangan Kyoln laboratoriyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan uch tomonlama memorandum imzolandi.
Kelishuvga muvofiq, sportda halollikni rag‘batlantirish, umumiy strategik maqsadlar asosida antidoping dasturini ishlab chiqish, ilg‘or tajribalarni joriy etish asnosida sportchilarning biologik pasportlari bilan ishlash, doping nazoratini amalga oshirish sohalarida mutaxassislar tayyorlash nazarda tutilmoqda. Bu, mamlakatimizda toza va adolatli sport muhitini shakllantirishga, shuningdek mahoratli sportchilarimizni antidoping muhitida yuzaga keladigan muammolardan himoya qilishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.
T.Ro‘ziyev, O‘zA