Geologiya sohasida raqamli yechimlar joriy etiladi
Bugungi kunda geologiya va tog‘-kon sanoatida raqamli texnologiyalarni joriy etish, ma’lumotlar bazasini takomillashtirish hamda sohani zamonaviy yondashuvlar asosida rivojlantirish dolzarb vazifalardan.
Ayniqsa, bunda xalqaro hamkorlik doirasida ilg‘or tajriba va innovatsion yechimlarni tatbiq etish sohaning samaradorligini oshirishga imkoniyat yaratadi.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligida Finlyandiya geologiya xizmati (GTK) delegatsiyasi bilan o‘tkazilgan uchrashuvda bu haqda so‘z yuritildi.
Muloqot davomida tomonlar Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Finlyandiya geologiya xizmati o‘rtasidagi hamkorlik loyihalari, xususan, “DATA4CRM” loyihasini amalga oshirish mexanizmlari yuzasidan atroflicha fikr almashdi.
Suhbatda geologik ma’lumotlarni raqamlashtirish, axborot tizimlarini integratsiya qilish va zamonaviy raqamli yechimlarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va sohada raqamli transformatsiyani izchil davom ettirish bo‘yicha galdagi vazifalarni belgilab oldi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA