Moliyaviy tarixga sayohat: o‘quvchilar uchun unutilmas ekskursiya
Bugungi kunda o‘quvchilarning moliyaviy savodxonligini yuksaltirish muhim ahamiyat kasb etadi. "O‘zmilliybank" aksiyadorlik jamiyati tomonidan o‘tkazilayotgan "Global Money Week-2026” haftaligi yoshlarning iqtisodiy bilimini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.
Mazkur haftalik mamlakatimizda ko‘tarinki ruhda davom etmoqda. Haftalik doirasida mamlakatimizda keng ko‘lamli ma’rifiy tadbirlar tashkil etilib, aholining, ayniqsa yoshlarning moliyaviy savodxonligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mazkur tashabbus doirasida o‘quvchilarning zamonaviy raqamli moliyaviy xizmatlar bozorida ongli va mas’uliyatli qarorlar qabul qilish ko‘nikmalarini shakllantirish, moliyaviy barqarorlikni mustahkamlash hamda bank xizmatlaridan samarali foydalanish madaniyatini rivojlantirish maqsadida turli ta’limiy va amaliy tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.
[gallery-29229]
Ushbu jarayonlarda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki hamda 20 dan ortiq tijorat banklari faol ishtirok etib, yosh avlodning moliyaviy bilimlarini boyitishga o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Xususan, "O‘zmilliybank" aksiyadorlik jamiyati mas’ul xodimlari tomonidan Toshkent shahri Olmazor tumani 261- hamda Yunusobod tumani 327-son umumta’lim maktablarining qariyb 40 nafar o‘quvchilari uchun O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasining numizmatika bo‘limiga ekskursiya tashkil etildi.
Ekskursiya davomida o‘quvchilar galereya faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lishdi.
Ayniqsa, numizmatika bo‘limida saqlanayotgan qadimiy tangalar, ularning kelib chiqishi, tarixiy ahamiyati va iqtisodiy taraqqiyotdagi o‘rni haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Bu esa o‘quvchilarda nafaqat tarixiy bilimlarni boyitish, balki pul muomalasi, uning qadri hamda moliyaviy resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha dastlabki tushunchalarni shakllantirishga xizmat qildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi. Bu ularning ushbu ekskursiyadan olgan taassurotlarini yanada boyitishga xizmat qildi.
N.Usmonova, N.Haydarov (surat), O‘zA