Gaz to‘ldirish shoxobchasi tarmoqqa noqonuniy ulangani aniqlandi
Keyingi kunlarda kuzatilgan sovuq ob-havo sharoitida aholini elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida ayrim cheklovlar joriy qilindi.
Jumladan, avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari ish tartibi o‘zgartirildi, ayrim hududlarda qo‘shimcha cheklovlar qo‘llashga to‘g‘ri keldi. Ammo huquq-tartibot idoralari va tegishli tashkilotlar vakillari tomonidan bu borada olib borilgan o‘rganishlarda belgilangan tartiblarga rioya qilishni istamagan “tadbirkorlar” ham uchradi.

Xususan, Bulung‘ur tumanidagi Yangiariq mahallasida joylashgan “Yevro Sam Invest” MCHJga qarashli avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi mas’ullari hisoblagichga o‘rnatilgan tamg‘ani o‘zboshimchalik bilan uzib, belgilangan cheklovdan tashqari tarmoqdan foydalangani aniqlandi. Bundan tashqari, mazkur shoxobchaning 155,6 million so‘m miqdorida qarzdorligi borligi ham ma’lum bo‘ldi. Shoxobcha tegishli tartibda tarmoqdan uzilgan.
G‘.Hasanov, O‘zA.