Gaz quvurlarini yangilashning zamonaviy usuli sinovdan o‘tkazildi
Jizzax shahrida gaz taqsimlash tarmoqlarini yangilashda egiluvchan kompozit quvurdan foydalanish boshlandi. "Hududgazta’minot" AJ tomonidan amalga oshirilgan pilot loyiha doirasida eskirgan po‘lat quvur o‘rniga yangi avlod kompozit quvuri o‘rnatildi.
Mazkur yondashuv gaz tarmoqlarining ishonchliligi va uzoq muddatli ekspluatatsiyasini ta’minlash bilan birga, infratuzilmani yangilash xarajatlarini optimallashtirishga qaratilgan.
Tajriba-sinov ishlari Avstriyaning "Fibron Pipe GmbH" kompaniyasi bilan hamkorlikda, xalqaro grant asosida tashkil etildi. Jizzaxdagi loyiha Markaziy Osiyoda amalda faoliyat yuritayotgan gaz taqsimlash tarmog‘ida egiluvchan kompozit quvurdan foydalanilgan dastlabki loyihalardan biri hisoblanadi.
Ishlar davomida gaz tarmog‘ining eskirgan qismidagi po‘lat quvur demontaj qilinib, 100 metr uzunlikdagi yangi kompozit quvur o‘rnatildi. Uning ishchi bosimi 6 bar etib belgilangan. Sinov jarayonida esa quvur 10 bar bosim ostida tekshirilib, muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazildi.
Yangi quvurlarning korroziyaga chidamliligi ulardan foydalanish muddatini uzaytirishga xizmat qiladi. Mazkur texnologiyada quvurlarning xizmat qilish muddati 50 yildan ortiq bo‘lishi kutilmoqda. Montaj jarayonining tezkorligi esa tarmoqlarni ta’mirlash va yangilash ishlarini qisqa muddatlarda bajarish imkonini beradi.
Yana bir muhim jihat - iqtisodiy samaradorlik. Hisob-kitoblarga ko‘ra, kompozit quvurlardan foydalanish infratuzilma loyihalarida kapital xarajatlarni 25 foizgacha kamaytirish imkonini berishi mumkin.
Jizzaxdagi tajriba natijalari kelgusida mazkur texnologiyadan respublika gaz tarmoqlarida kengroq foydalanish uchun asos bo‘ladi. Ayni paytda yuqori va o‘rta bosimli eski po‘lat gaz quvurlarini yangi texnologiya asosida bosqichma-bosqich almashtirish bo‘yicha texnik reglamentlar ishlab chiqilmoqda.
Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, kompozit quvurlarni O‘zbekistonda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkoniyatlari ham o‘rganilmoqda. Bu esa kelgusida gaz infratuzilmasini modernizatsiya qilishda zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanish va mahalliy ishlab chiqarish salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA