Gandbolchi qizlarimiz Osiyo chempionati yarim finalida
Shu kunlarda Qozog‘istonning Olmaota shahrida gandbol bo‘yicha U16 yosh toifasidagi qizlar jamoalari o‘rtasida Osiyo chempionati musobaqalari qizg‘in bahslarga boy tarzda davom etmoqda.
Qit’a birinchiligida Osiyoning 6 ta sara jamoasi g‘oliblik uchun bahs olib bormoqda.
Xususan, Xitoy, Hong Kong, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda O‘zbekiston terma jamoalari jahon chempionatiga beriladigan ikki yo‘llanma uchun kurash olib bormoqda.

Ilk turlarda Qozog‘iston hamda Xitoy jamoalariga qarshi kechgan bahslarda mag‘lubiyat qayd etilgan bo‘lsa, Eron terma jamoasi ustidan muhim g‘alabani qo‘lga kiritgan gandbolchi qizlarimiz Qirg‘iziston vakillarini 65:13 hisobida dog‘da qoldirdi.
Kecha chempionatning navbatdagi kunida gandbolchi qizlarimiz Hong Kong jamoasiga qarshi maydonga tushdi. Shiddatli kechgan o‘yinda hamyurtlarimiz raqiblarini 40:23 hisobida taslim etib, yarim final yo‘llanmasini naqd qildi.

Bugun chempionat ishtirokchilari uchun dam olish kuni sifatida belgilangan.
Ertaga, 17-may kuni tashkil etiladigan yarim final o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasi Qozog‘iston bilan, Xitoy Eron bilan ro‘baro‘ keladi.
Aynan ushbu qarama-qarshilikda ustunlikka erishgan jamoalar Osiyo chempionatining finalida 1-2-o‘rinlar uchun, mag‘lub bo‘lgan jamoalar 3-4-o‘rin uchun kuch sinashadi.

Jahon chempionati yo‘llanmalarini taqdim etadigan qit’a birinchiligining final o‘yinlari 18-may kuni bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA