G‘oliblar mamlakat chempionatiga boradi
Poytaxtimizda shaxmat bo‘yicha o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasida an’anaviy “Toshkent qishi” turniri boshlandi.
Poytaxtimizda shaxmat bo‘yicha o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasida an’anaviy “Toshkent qishi” turniri boshlandi.Mamlakatimizda shaxmatni yanada ommalashtirish, sportchilarning tajriba va mahoratini oshirish, yosh shaxmatchilarni nufuzli musobaqalarga tayyorlash maqsadida tashkil etilgan turnirda 150 nafarga yaqin shaxmatchi ikki guruhda sovrinli o‘rinlar uchun bahslashmoqda.
Shveytsariya tizimida to‘qqiz turdan iborat musobaqaning “A” guruhida Nodirbek Yoqubboyev, Alisher Bekmurodov, Saidakbar Saydaliyev, Jamshid Shodiqulov, Boris Lebedev singari yigirma uch shaxmatchi dastlabki turni o‘z foydasiga hal qildi. Doniyor Safarov va Bekzod Sapayev mazkur partiyada o‘zaro durang o‘ynadi.
“V” guruhida 46 shaxmatchi birinchi turda raqiblarini mag‘lubiyatga uchratgan bo‘lsa, ikki nafari o‘zaro durang natija qayd etdi.
Turnir yakunida o‘z guruhida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan shaxmatchilar kelasi yili o‘tkaziladigan O‘zbekiston chempionatida qatnashish imkoniga ega bo‘ladi.