G‘olib sportchilarimiz taqdirlandi
18-24-oktabr kunlari Incheonda o‘tkazilgan II Paraosiyo o‘yinlarida 27 nafar sportchimiz yengil atletika, dzyudo, suzish va o‘q otish bo‘yicha musobaqalarda 22 oltin, 5 kumush va 4 bronza, jami 31 medalni qo‘lga kiritib, qirqdan ziyod davlat orasida beshinchi, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida birinchi o‘rinni egalladi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida mamlakatimiz yoshlari iste’dodli, azmu shijoatda tengsiz avlod bo‘lib voyaga yetmoqda. Bu dunyoning turli mintaqalarida bo‘lib o‘tayotgan nufuzli musobaqalarda O‘zbekiston sportchilarining yuksak g‘alabalarni qo‘lga kiritib, davlatimiz bayrog‘ini baland ko‘tarayotganida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Joriy yilda ham sportchilarimiz ko‘plab g‘alabalarni qo‘lga kiritdi. 16-28-avgust kunlari Xitoyning Nankin shahrida o‘tkazilgan II o‘smirlar Olimpiadasida navqiron yoshlarimiz 4 oltin, 3 kumush va 3 bronza medalga sazovor bo‘ldi. 19-sentabr – 4-oktabr kunlari Janubiy Koreyaning Incheon shahrida bo‘lib o‘tgan XVII Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sport delegatsiyasi vakillari 9 oltin, 14 kumush va 21 bronza medalga, jamoaviy bahslarni hisobga olganda, jami 12 oltin, 14 kumush va 35 bronza medal bilan Vatanimizning xalqaro miqyosdagi shon-shuhratini yanada yuksaltirishga, xalqimizning qudrati va salohiyatini namoyon etishga munosib hissa qo‘shdi.
Ushbu muvaffaqiyatlar har birimizning qalbimizga olam-olam quvonch, g‘urur va iftixor tuyg‘ularini olib kiradi.
18-24-oktabr kunlari Incheonda o‘tkazilgan II Paraosiyo o‘yinlarida 27 nafar sportchimiz yengil atletika, dzyudo, suzish va o‘q otish bo‘yicha musobaqalarda 22 oltin, 5 kumush va 4 bronza, jami 31 medalni qo‘lga kiritib, qirqdan ziyod davlat orasida beshinchi, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida birinchi o‘rinni egalladi. Paralimpiyachilarimizning bu muvaffaqiyati katta sportda kamdan-kam kuzatiladigan holat. 27 sportchining Paraosiyo o‘yinlarida 31 medalni qo‘lga kiritishi haqiqatda tahsinga loyiq natijadir. Boshqacha aytganda, sportchilarimiz o‘zbek xalqining hech kimdan kam emasligini va hech qachon kam bo‘lmasligini yana bir karra isbotladi.
Prezidentimiz Islom Karimovning farmoyishiga muvofiq II Paraosiyo o‘yinlarining g‘olib va sovrindorlari pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shon-shuhrati” muzeyida 30-oktabr kuni II Paraosiyo o‘yinlari g‘olib va sovrindorlarini taqdirlashga bag‘ishlangan marosimda mukofotlar topshirildi.
Tadbirda davlatimiz rahbarining sportni rivojlantirishga qaratayotgan doimiy e’tibori tufayli jismoniy tarbiya va sport imkoniyati cheklangan yoshlar o‘rtasida ham tobora ommalashib borayotgani, paralimpiyachilarimiz turli nufuzli musobaqalarda yuqori natijalarga erishayotgani alohida ta’kidlandi.
Prezidentimizning 2013-yil 25-fevraldagi “O‘zbekiston sportchilarini 2016-yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq sportchilarimizning zamonaviy me’yorlar asosida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazishi, tajriba va mahorat oshirishi, Paraosiyo o‘yinlariga yo‘llanma beradigan musobaqalarga puxta tayyorlanishi va ularda munosib qatnashishi uchun barcha shart-sharoit yaratildi.
Bu sportchilarimizning II Paraosiyo o‘yinlarida yuksak g‘alabalarni qo‘lga kiritishida asosiy omil bo‘ldi. Musobaqaning yengil atletika bo‘yicha bahslarida paralimpiyachilarimiz 8 oltin, 4 kumush va 3 bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Terma jamoamiz a’zolaridan Faxriddin Hamroyev erishgan natija alohida tahsinga loyiq. U 800 metr masofaga yugurishda marraga birinchi yetib kelib, Osiyo rekordini yangiladi. 200 va 400 metrga yugurishda ham raqiblaridan har tomonlama ustun ekanini isbotladi. Uning 400 metrga yugurishda egallagan natijasi qit’a va Paraosiyo o‘yinlari rekordi sifatida qayd etildi.
Iqtidorli yengil atletikachimiz Ma’rufjon Murodillayev 1500 va 800 metr masofaga yugurish bahslarida marraga birinchi kelib, ikki marta shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. U ham mazkur masofalarda erishgan natijalari bilan Osiyo rekordchisiga aylandi.
Yana bir oltin medal 4x100 metr masofaga yugurish bo‘yicha o‘tkazilgan jamoaviy bahsda qo‘lga kiritildi. Terma jamoamiz safida Miran Saxatov, Doniyor Soliyev, Ulug‘bek Choriyev va Faxriddin Hamroyev eng yuqori natijani ko‘rsatdi.
O‘zbekiston sport delegatsiyasi bayroqdori Mavlonbek Haydarov yadro uloqtirishda 14 metr 39 santimetr natija qayd etib, Osiyo rekordini o‘rnatdi.
– Paraosiyo o‘yinlarida xalqimiz, Prezidentimiz ishonchini oqlaganimizdan behad xursandmiz, – deydi M.Haydarov. – Qo‘lga kiritgan g‘alabam sharafiga Vatanimiz madhiyasi yangrab, bayrog‘imiz ko‘tarilganida cheksiz faxrni his qildim. Bular mustaqilligimiz sharofati, davlatimiz rahbari tomonidan biz, sportchilarga ko‘rsatilayotgan alohida g‘amxo‘rlik mevasi, ustozlarimiz bilan yillar davomida olib borgan mehnatlarimiz mahsulidir.
Engil atletikaning disk uloqtirish bahslarida Husniddin Norbekov 53 metr 84 santimetr natijani qayd etib, birinchi o‘rinni egalladi.
Uzunlikka sakrash musobaqalarida ishtirok etgan Farrux Mirzaqulov kumush, turli masofalarga yugurish bo‘yicha Miran Saxatov ikkita kumush, Sirojiddin Norov ikkita bronza va Damir Pashayev bitta bronza medal bilan taqdirlandi.
Musobaqada dzyudochilarimizning ishtiroki ham samarali bo‘ldi. Sportchilarimiz yettita oltin, bittadan kumush va bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Sharif Xalilov vazni 81 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar musobaqasida eronlik Said Nuri Ja’fariy, yaponiyalik Yusuke Xatsuse, hal qiluvchi bahsda tailandlik Rung Chatfuyengni mag‘lubiyatga uchratib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Dzyudo bo‘yicha jahon chempioni Odiljon Tulendiboyev eng og‘ir vazndagi polvonlar bellashuvida o‘z salohiyatini namoyon etdi. U hal qiluvchi bahsda eronlik Hamza Nadriyni 19 soniyada yengib, Paraosiyo o‘yinlarining oltin medaliga sazovor bo‘ldi.
Vazni 73 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar bahsida hamyurtimiz Feruz Saidov ham terma jamoamiz hisobiga oltin medalni tuhfa etdi.
– Musobaqada oltin medalni qo‘lga kiritganimdan behad mamnunman, – deydi F.Saidov. – Erishgan muvaffaqiyatlarimiz zamirida Prezidentimiz rahnamoligida yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, o‘z iqtidor va iste’dodini yuzaga chiqarish uchun qaratilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik mujassam. Endigi niyatim 2016-yili Braziliyada o‘tkaziladigan Paralimpiya o‘yinlarida ham yuqori natijalarga erishish.
Polvonlarimizdan Sherzod Namozov, Nurbek Berdiyorov, Shuhrat Boboyev, qizlar bahsida Sevinch Salayeva ham o‘z vazn toifasida barcha raqibi ustidan muvaffaqiyat qozonib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. Gulruh Rahimova kumush medal bilan taqdirlangan bo‘lsa, Shirin Sharipov kuchli uchlikdan joy oldi.
Suzish bahslarida ishtirok etgan hamyurtimiz Kirill Pankov bir yo‘la to‘rtta, Dmitriy Xorlin uchta oltin medalni qo‘lga kiritdi. Londonda o‘tgan Paralimpiya o‘yinlarida munosib ishtirok etib, ikki marta Osiyo rekordini o‘rnatgan Kirill Pankov 50 va 100 metr masofaga erkin, 100 metrga chalqancha va 200 metrga kompleks usulda suzish bo‘yicha raqiblariga hech qanday imkoniyat qoldirmagan bo‘lsa, Dmitriy Xorlin 50, 100 va 400 metrga erkin usulda suzish bahslarida shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. E’tiborlisi, Dmitriy Xorlinning har uch yo‘nalishda, Kirill Pankovning 50 metr masofaga erkin suzishda qayd etgan natijasi Osiyo rekordi sifatida e’tirof etildi.
Marosimda O‘zbekiston xalq shoiri I.Mirzo va boshqalar sportchilarimizni Paraosiyo o‘yinlaridagi yuksak muvaffaqiyati bilan tabriklab, kelgusi nufuzli musobaqalarda omad tiladi.
O‘zbekiston milliy paralimpiya assotsiatsiyasi raisi o‘rinbosari U.Ahmadjonov, yengil atletika bo‘yicha murabbiy S.Abduxoliqov, sportchilar F.Saidov, S.Salayeva, M.Haydarov va boshqalar sportni rivojlantirish va sportchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘rsatayotgan doimiy e’tibori uchun Prezidentimizga samimiy minnatdorlik bildirdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev so‘zga chiqdi.