Futzalchilarimiz bugun Kuvayt bilan kuch sinashadi
Bugun, 16 yanvar kuni "Osiyo kubogi-2026" musobaqasi oldidan o‘quv mashg‘ulotda qatnashayotgan futzal bo‘yicha milliy terma jamoamiz O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi mashg‘ulot maydonida Kuvayt terma jamoasiga qarshi birinchi nazorat uchrashuvini o‘tkazadi.
Murabbiylar shtabi qit’a chempionati oldidan o‘tkazilayotgan so‘nggi yig‘inga 20 nafar futzalchini jalb etdi.
Futzalchilarning funksional tayyorgarligini maromiga yetkazish ustida ish olib borayotgan Nodir Eliboyev shogirdlari 18 yanvar kuni ushbu jamoa bilan ikkinchi nazorat o‘yinida maydonga tushadi.
Ertaga, 17 yanvar kuni esa Osiyo futbol konfederatsiyasida qit’a chempionati uchun dedlayn kuni munosabati bilan ishtirokchi jamoalar yakuniy tarkiblari bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim etishlari lozim bo‘ladi.
Aytish lozim, tomonlarning kelishuviga binoan yopiq tarzda o‘tkaziladigan mazkur o‘rtoqlik uchrashuvlari har ikkala jamoa murabbiylari uchun muhim ahamiyatga ega. Mazkur bahsdan so‘ng murabbiylar shtabimiz Vatanimiz sharafini Indoneziya maydonlarida himoya qiladigan yakuniy tarkib bo‘yicha qaror qabul qiladi.
Eslatib o‘tamiz, 27 yanvar-7 fevral kunlari Indoneziyaning Jakarta shahrida o‘tadigan Osiyo kubogi final bosqichida O‘zbekiston “C” guruhida Yaponiya, Avstraliya, Tojikiston terma jamoalari bilan kuch sinashadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA