Futzalchi qizlarimizni jiddiy raqib kutmoqda
Toshkent shahridagi “Yunusobod“ sport majmuasida futzal bo‘yicha ayollar Osiyo chempionati saralash bosqichining “C” guruhidagi bahslar davom etmoqda.
Bugun, 17 yanvar kuni Farrux Zokirov boshchiligidagi futzalchilarimiz Avstraliya terma jamoasi bilan raqobatlashadi. Uchrashuv mahalliy vaqt bilan 18:00 da boshlanadi. Ushbu guruhdagi ikkinchi o‘yin esa soat 15:00da Turkmaniston va Quvayt termalari o‘rtasida bo‘lib o‘tsa, Filippin terma jamoasi bu turda dam oladi.
O‘tgan turlar yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston ayollar terma jamoasi “S” guruhida bittadan g‘alaba va durang natija qayd etib, 4 ochko bilan uchinchi o‘rinda bormoqda. Uchta o‘yin o‘tkazgan Filippin termasi 7 ochko bilan guruh peshqadamiga aylangan bo‘lsa, Avstraliya ikki g‘alaba evaziga 6 ochko jamg‘arib, ikkinchi pog‘onadan joy olgan. Quvayt uch bahsda, Turkmaniston esa ikki bellashuvda mag‘lubiyatga uchragani bois hamon ochkosiz qolmoqda.

Tailand mezbonligida o‘tayotgan saralashning “A” guruhida mezbonlar ikki g‘alabadan so‘ng 6 ochko bilan birinchi o‘ringa ko‘tarildi. Bahrayn va Falastin 4 ochko bilan 2-3 pog‘onadan joy olgan bo‘lsa, Livan va Iroq bir ochko bilan quyi pog‘onalarda bormoqda. Guruhda faqatgina Falastin va Iroq 3 ta o‘yin o‘tkazganini ta’kidlab o‘tish joiz.
Ushbu guruhda bugun Livan – Iroq, Bahrayn – Tailand terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvlarga guvoh bo‘lamiz.
“B” guruhi uchrashuvlari esa Indoneziyada o‘tmoqda. Unda Indoneziya va Hong Kong terma jamoalari ilk uchrashuvda g‘alaba qozondi va ochkolarini 3 taga yetkazgan holda peshqadamga aylandi. Hindiston va Qirg‘iziston esa mag‘lubiyatdan so‘ng dastlabki turda ochkosiz qoldi. Guruhdan joy olgan Pokiston termasi saralash bellashuvlarida ishtirok etmaslikka qaror qildi.
Shu tariqa, ikkinchi turda Qirg‘iziston – Hong Kong, Hindiston – Indoneziya terma jamoalari o‘zaro raqobatlashadi. Ushbu uchrashuvlar ham 17 yanvar kuni bo‘lib o‘tadi.
Saralash bellashuvlarining “D” guruhida to‘rt terma jamoa o‘zaro raqobatlashmoqda. Ushbu uchrashuvlar Myanma davlatida o‘tmoqda. Guruhdagi ilk tur yakuniga ko‘ra, Xitoy Taypeyi termasi Makao ustidan 18:0 hisobida g‘alaba qozonib, yaqqol peshqadamga aylandi. Vetnam esa mezbonlarni 5:1 hisobida taslim etdi va ikkinchi o‘ringa joylashdi. Bugun mazkur guruhda Makao va Vetnam, Myanma hamda Xitoy Taypeyi terma jamoalari ikkinchi tur doirasida o‘zaro kuch sinashadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA