Futbolchilarimizning ajoyib g‘alabasi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi B guruhida o‘tgan ikkinchi o‘yinda Bangladesh terma jamoasini mag‘lubiyatga uchratdi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi B guruhida o‘tgan ikkinchi o‘yinda Bangladesh terma jamoasini mag‘lubiyatga uchratdi.«Ansan» stadionida bo‘lib o‘tgan o‘yinning birinchi bo‘limi 13-daqiqasida terma jamoamiz hujumchisi Vohid Shodiyev hisobni ochdi. 8 daqiqa o‘tgach, uning o‘zi hisobni 2:0 ga yetkazdi. 33-daqiqada yarim himoyachi Sardor Rashidov ajoyib zarba bilan to‘pni raqib darvozasiga joylab qo‘ydi. Birinchi bo‘lim 3:0 hisobida futbolchilarimiz foydasiga hal bo‘ldi.
Ikkinchi bo‘limda raqiblar butun jamoa bo‘lib hujumga o‘tsa-da, ularning urinishlari hech qanday samara bermadi. O‘zbekiston terma jamoasi tartibli o‘yin namoyish etib, o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi.
Gonkong, Bangladesh va Afg‘oniston terma jamoalari bilan birga B guruhida to‘p surayotgan Mirjalol Qosimov shogirdlari dastlabki uchrashuvda Gonkong jamoasi bilan 1:1 hisobida durang o‘ynagandi.
Terma jamoamiz tarkibida futbol bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatlari ishtirokchilari Bobur Yo‘ldoshev, Jamshid Iskandarov, Igor Sergeyev, Vladimir Kozak, Fozil Musayev va boshqalar bor. Futbolchilarimiz Incheonga 20-yil muqaddam Xirosimada bo‘lib o‘tgan XII Osiyo o‘yinlari g‘olibi Mirjalol Qosimov rahbarligida kelgan. Bu gal ham yosh futbolchilarimiz eng yaxshi natijalarga erishishni o‘z oldiga maqsad qilgan.