Futbol: “Yevro-2020”ning «bo‘ronli» onlari yaqin
Dunyo futbol ishqibozlarining diqqat markazida turgan Yevropa chempionati aslida o‘tgan yilning iyun-iyul oylarida o‘tkazilishi kerak edi. Pandemiya tufayli Yevropa futbol uyushmalari assotsiatsiyasi (UEFA) qarori bilan musobaqalar roppa-rosa bir yilga kechiktirildi.
Bugunga kelib bundan deyarli ikki yil muqaddam saralash bahslari bilan boshlangan “YeCh-2020”ning 1/8 final bahslariga yetib keldik. Aytib o‘tish kerakki, mazkur chempionatda hududiy jihatdan Yevropaga “o‘gay” bo‘lgan UEFAga a’zo barcha davlatlar Isroil ham, Qozog‘iston ham, hattoki katta orzular osmonidagi Ozarbayjon jamoasi ham o‘z guruhidan keyingi bosqichga chiqa olishmadi. Lekin e’tiborli jihati, Yevropa chempionati saralash bahslarining 300- uchrashuvi aynan Ozarbayjon poytaxtida Turkiya – Uels jamoalari o‘rtasida o‘tganligi bilan Boku UEFA tarixiga muhrlandi.
Shu o‘rinda UEFA qarori bilan bu galgi Yevropa chempionati o‘yinlari bitta davlatda emas, 10 ta mamlakatning 11 ta shahrida o‘tkazilishi belgilanganligi ham ahamiyatli bo‘ldi. Ya’ni dunyoning 11 ta megapolis markazlariga futbol “bo‘roni” kirib bordi. “YeCh-2020” o‘yinlarining saralash bahslari o‘tkaziladigan Amsterdam, Budapesht, Buxarest, Glazgo, Sevilya, Sankt-Peterburg va London kabi shaharlari qatorida Bokuning ham qayd etilganligi qardosh ozarbayjonlik futbol ishqibozlari uchun o‘ziga xos voqelikka aylandi.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, guruhlarda saralangan 16 ta jamoa “YeCh-2020” ning 1/8 finalida ro‘baro‘ keladigan bo‘ldi:
26 iyun, shanba
Amsterdam sh. Uels – Daniya (21.00 Toshkent vaqti bilan)
London sh. Italiya– Avstriya (00.00)
27 iyun, yakshanba
Budapesht sh. Niderlandiya – Chexiya (21.00)
Sevilya sh. Belgiya – Portugaliya (00.00)
28 iyun, dushanba
Kopengagen sh. Xorvatiya – Ispaniya (21.00)
Buxarest sh. Fransiya – Shveysariya (00.00)
29 iyun, seshanba
London sh. Angliya – Germaniya (21.00)
Glazgo sh. Shvetsiya– Ukraina (00.00)
“YeCh-2020”ning 1/4 finalida Belgiya – Portugaliya qarama-qarshiligi g‘olibi Italiya– Avstriya juftliklaridagi omadli jamoa bilan uchrashsa, Fransiya-Shveysariya “to‘foni”ni yorib chiqqan jamoa Xorvatiya-Ispaniyaning g‘olibi bilan, Shvetsiya – Ukraina qarshiligidagi “baxtlilar” Angliya – Germaniya kuchlisi bilan, Niderlandiya– Chexiya duelida yutgan esa Uels – Daniya to‘qnashuvidan “omon” chiqqanlar bilan 1/4 da yarim final uchun kurashadi. Chorak final uchrashuvlari 2- 3 iyul kunlari, yarim final o‘yinlari 6 -7 iyulda va nihoyat Yevropa chempionatining final musobaqasi 11 iyul kuni Angliyaning London shahridagi “Uembli” stadionida Toshkent vaqti bilan 00.00 da boshlanadi. Demak, kuzatishda davom etamiz. Ming-minglab yashil maydon zavqiyu shavqiga ko‘z tikkan futbol ishqibozlari uchun “Yevropa chempionati-2020” ning “bo‘ronli” onlari yanada yaqinlashmoqda.
To‘lqin RO‘ZIEV, O‘zA