Futbol: milliy terma jamoamiz Eronga yo‘l oldi
Futbol bo‘yicha Osiyo qit’asida Jahon chempionati 3-saralash bosqichining 8-tur uchrashuvlari 25 mart kuni bo‘lib o‘tadi.
Saralash bahslarining “A” guruhidan o‘rin olgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi safarda Eronga qarshi bahs olib boradi. Mazkur o‘yinda ishtirok etish uchun bugun 23 mart kuni Timur Kapadze boshchiligidagi terma jamoamiz Tehronga uchib ketdi. Eron va O‘zbekiston terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yin 25 mart kuni Tehron shahrida joylashgan “Ozodiy” stadionida soat 21:00 da start oladi.

Ma’lumot o‘rnida: “A” guruhida 7-tur uchrashuvlaridan so‘ng Eron 19 ochko bilan birinchi o‘rinda, O‘zbekiston esa 16 ochko bilan ikkinchi pog‘onadan joy olgan. Shuningdek, BAA va Qatar esa 10 ochko bilan 3-4-o‘rinlarda borayotgan bo‘lsa, Qirg‘iziston 3 ochko bilan 5-o‘rinda, KXDR esa 2 ochko evaziga so‘ngi pog‘onada qolmoqda.
Darvoqe, 25 mart kuni ushbu guruhda 8-tur uchrashuvlari doirasida Qirg‘iziston – Qatar, KXDR — BAA terma jamoalari o‘zaro raqobatlashadi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA