Futbol: Diyor Imomxo‘jayev yana 4 yil PFLni boshqaradi
Bugun, 19-avgust kuni O‘zbekiston professional futbol ligasi ijroiya qo‘mitasi a’zolari liga bosh direktorini saylash uchun ovoz berishdi.
Mamlakat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Bahodir Qurbonov tomonidan imzolangan taqdimnomaga asosan Liga bosh direktori lavozimi uchun Diyor Imomxo‘jayev nomzodi ilgari surildi.
O‘zbekiston professional futbol ligasi ijroiya qo‘mitasida onlayn va oflayn tarzda o‘tkazilgan ovoz berish jarayoniga ko‘ra, yosh va tajribali futbol mutaxassisi Diyor Imomxo‘jayev navbatdagi vakolat muddatiga bosh direktor sifatida tasdiqlandi.
Shundan kelib chiqib, tashkilotning amaldagi rahbari joriy yilning 19-avgust sanasidan e’tiboran keyingi to‘rt yil davomida o‘z vazifasini bajarishda davom etadigan bo‘ldi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA