Fuqarolarning muammo va takliflari tinglandi
Sardoba tumanida aholi murojaatlarini o‘rganish, mavjud muammolarga yechim topish va ularni joyida hal etish choralarini belgilash maqsadida sayyor qabul o‘tkazildi.
Prezidentning Sirdaryo viloyatidagi Xalq qabulxonasi tomonidan Xalqobod mahallasidagi 1-sonli texnikum hovlisida tashkil etilgan qabulda Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Doniyor Qodirov ishtirok etib, fuqarolarning murojaat va takliflarini tingladi.

Qabulda ishga joylashish, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, moddiy yordam olish, yashash sharoitlarini yaxshilash, subsidiya ajratish, tibbiy xizmatlardan foydalanish, ta’lim hamda kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish bilan bog‘liq masalalar ko‘tarildi.

Shuningdek, mahallalarni obodonlashtirish, elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, ichki yo‘llarni ta’mirlash yuzasidan 70 ga yaqin taklif va murojaat bildirildi.

Viloyat rahbari tegishli soha va idoralar mas’ullariga har bir murojaatni atroflicha o‘rganish, ko‘tarilgan masalalarni qonunchilikda belgilangan tartibda hal etish hamda fuqarolarga o‘z vaqtida javob berish yuzasidan topshiriqlar berilib,ijrosi nazoratga olindi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri