Xonadonda noqonuniy dori vositalari saqlanadigan yashirin ombor aniqlandi
Namangan shahrida sifat sertifikatlariga ega bo‘lmagan va xorijdan noqonuniy olib kirilgan katta miqdordagi dori vositalari saqlanayotgan yashirin omborlar aniqlandi. Ularning dastlabki qiymati 5,2 mlrd so‘mga baholanmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari Bojxona va Ichki ishlar boshqarmalari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbir davomida ushbu holat fosh etildi.
Aniqlanishicha, Namangan shahrida yashovchi, 2002, 1997 va 1987-yillarda tug‘ilgan uch nafar fuqaro o‘zaro til biriktirib, beshta xonadonda yashirin omborlar tashkil qilgan. Ular tegishli sifat sertifikatlariga ega bo‘lmagan dori vositalarini keyinchalik sotish maqsadida saqlab kelgan.
Tezkor tadbir natijasida xorijda ishlab chiqarilgan va mamlakatga noqonuniy yo‘llar bilan olib kirilgan 287 turdagi jami 46 865 dona dori vositasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Ular orasida «Erinit», «Gemaza» va «Fenotropil» kabi preparatlar ham bor.
Hozirda olib qo‘yilgan dori vositalari yuzasidan sud-kimyoviy va tovarshunoslik ekspertizalari tayinlangan. Holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda.
Hamroz Bayonov,O‘zA